O‘zbekiston va Fransiya ta’lim sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyaning Nitssa shahrida joylashgan Frankofoniya instituti direktori Yan Librati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki tomon o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumga muvofiq, 2030-yilga qadar Frankofoniya instituti tomonidan O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 1 ming 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasini oshirish rejalashtirilgan. Har yili o‘rtacha 300 nafar pedagog xalqaro malaka oshirish dasturlarida ishtirok etadi.
Loyihaning muhim jihatlaridan biri sifatida 910 nafar o‘qituvchi uchun bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratilishi belgilangan. Ushbu grantlarning umumiy qiymati 1,3 million yevroni tashkil etadi. Bu esa mamlakatimizda fransuz tili ta’limi sifatini yanada oshirish va o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tomonlar “Allumer les étoiles” dasturi doirasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi. Dastur doirasida pedagoglarning malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijlik chet tili mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish ishlari amalga oshiriladi.
Uchrashuvda yana bir muhim tashabbus — A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti huzurida Frankofoniya instituti byurosini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Rejaga ko‘ra, mazkur byuro Markaziy Osiyo miqyosidagi mintaqaviy markaz sifatida faoliyat yuritib, fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini muntazam oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, xalqaro tajribani milliy ta’lim tizimiga keng joriy etish hamda xorijiy tillar, xususan fransuz tilini o‘qitish sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA