O‘zbekiston va Fransiya: Strategik sheriklikka oid deklaratsiya ijrosi bo‘yicha hamkorlikda ish olib boriladi
Parlamentlararo ittifoqning 153-assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Fransiya Senati Raisining o‘rinbosari, PI fransuz guruhi rahbari Ksave Iakovelli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va Samarqanddagi uchrashuvlar munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirishga asos bo‘layotgani, bu jarayonda parlamentlararo muloqot va o‘zaro tashriflar muhimligi qayd etildi.
T.Norboyeva 2023-yilda Fransiya Senati Raisi Jerar Larshe, parlamentariylar, tashqi ishlar idorasi, Fransiya taraqqiyot agentligi, madaniy meros muassasalari va ishbilarmon doiralar, jumladan, Rotshildlar oilasi vakillari bilan uchrashuvlar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilganini ta’kidladi.
Fransiya Milliy Assambleyasining O‘zbekiston bilan do‘stlik guruhi vakillari tashriflari amaliy muloqotning davomi bo‘ldi. Senatorlar Fransiya taraqqiyot agentligi ko‘magidagi suv resurslarini saqlash loyihalari bilan tanishdi.

Aprelda o‘tkazilgan birinchi Fransiya - Markaziy Osiyo parlamentlararo forumi va unda O‘zbekiston hamda Qozog‘istonning strategik hamkorlar sifatida e’tirof etilishi Fransiyaning mintaqaga qiziqishi ortib borayotganining ifodasi ekani, bunday forumlarni muntazam o‘tkazish muhimligi bildirildi.
K.Iakovelli Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoq 150-assambleyasida ishtirok etgani, tadbir yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etdi.
Fransiya vakillari samimiy qabul qilingani, delegatsiya a’zolarida Toshkent, Samarqand va Buxoroning tarixiy-madaniy merosi katta taassurot qoldirgani, hamrohlik qilgan yoshlarning fransuz tilida erkin muloqoti va Fransiya madaniyatiga qiziqishi mamnuniyat bilan aytib o‘tildi.
Ta’lim sohasida O‘zbekiston - Fransiya universiteti, rektorlar forumi va universitetlararo muloqotning ahamiyati, yoshlarning fransuz tilini o‘rganish va Fransiyada tahsil olishga qiziqishi ortib borayotgani qayd etildi.
Fransiya vakillarining savollariga javoban, Afg‘onistonda hokimiyat almashganidan keyin ham O‘zbekiston amaliy hamkorlikni davom ettirgani ta’kidlandi. Iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish, savdo va transport aloqalarini rivojlantirish, transchegaraviy temir yo‘l loyihalarida ishtirok etish asosiy yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi.
Termizda BMT ko‘magida gumanitar logistika markazi va chegara hududidagi savdo majmuasi tashkil etilgan. Hududdagi tibbiyot markazida Afg‘oniston aholisiga xizmat ko‘rsatilayotgani, Termizdagi ta’lim markazida afg‘onistonlik yoshlar, ayniqsa, qizlar uchun kasb o‘rganish imkoniyatlari yaratilgani ta’kidlandi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikni davom ettirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini rivojlantirish, bu jarayonga yoshlar vakillarini ham jalb etishga kelishib oldi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA