Avaza sammiti: mintaqalararo muloqotning yangi bosqichi va integratsiya istiqbollari
So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan tubdan o‘zgardi. Muntazamlik kasb etgan Maslahat uchrashuvlari davlat rahbarlarining ochiq va pragmatik muloqot maydoniga aylandi. Ushbu format Markaziy Osiyoning xalqaro maydondagi sub’ektligini mustahkamlab, tashqi sheriklarning "Markaziy Osiyo plyus" platformalariga bo‘lgan qiziqishini tobora kengaytirmoqda.
Tarixiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarga asoslangan ushbu makonda endilikda savdo, transport, energetika, sanoat va zamonaviy texnologiyalarni qamrab oluvchi yagona hamkorlik muhitini mustahkamlash ustuvor vazifadir. Bu boradagi amaliy muloqotlarni chuqurlashtirish maqsadida davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvida Toshkent shahrida “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda oddiy tovar ayirboshlash bilan cheklanmasdan, birgalikda yakuniy tayyor mahsulot ishlab chiqarish mexanizmlariga o‘tish talab etiladi.

Jumladan, bir nechta davlat korxonalarining yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etishini nazarda tutuvchi kooperatsiya aloqalarini kengaytirish muhimligi qayd etildi. 2027-yilda Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platformani yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mintaqaning global savdodagi tranzit imkoniyatlarini kengaytirish uchun transport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish talab qilinadi. Transport yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda yangi yo‘laklar bo‘ylarida logistika va sanoat ob’ektlarini joylashtirish maqsadida Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengash tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Energetika sohasida uglevodorod zaxiralari va qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyatini birlashtirgan holda, kam uglerodli energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish hamda raqamli monitoring tizimlarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma qarorlarning ijrosi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash jarayonlarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng tatbiq etish maqsadida Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratish taklif qilindi. Milliy ma’lumotlar markazlarining o‘zaro bog‘langan tarmog‘i hisoblash quvvatlaridan samarali foydalanish va raqamli mahsulotlarni rivojlantirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar tayyorlash, kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishga tushirish hamda talab yuqori bo‘lgan kasblarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
E’tiborlisi, mazkur muloqot formati “Adolat” SDP Saylovoldi dasturida belgilangan tashqi siyosat yo‘nalishidagi ustuvor vazifalarga to‘la hamohang bo‘lib, u mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat, eng avvalo, qardosh Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqa davlatlari bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy hamda strategik aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan dinamik tashqi siyosatini izchil davom ettirishga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqamizni barqaror va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi umumiy taraqqiyot makoniga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
“Adolat” SDP Toshkent shahar kengashi raisi.
O‘zA