O‘zbekiston va Afg‘oniston farmatsevtika hamkorligini kengaytirmoqda
Poytaxtimizda Afg‘onistonning oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi yetakchi importyor hamda ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qo‘shni davlatning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdul G‘affor Teraviy iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, savdo hajmi, transport-logistika yo‘laklari va madaniy aloqani rivojlantirish muhim ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, tarixiy yaqinlik va o‘zaro ishonch yangi qo‘shma loyihalar uchun mustahkam asos yaratgan. Elchixona esa, jumladan, farmatsevtika sohasida hamkorlik o‘rnatish uchun har tomonlama ko‘maklashishga tayyor.
[gallery-30485]
Xususan, Afg‘oniston Oziq-ovqat va dori-darmon idorasi raisi Hamdulla Zohid mamlakat farmatsevtika tizimi so‘nggi yillarda sezilarli rivojlanganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil avval Afg‘onistonda bor-yo‘g‘i 12 farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritgan. Hozir bu raqam 120 ga yetgan. Endilikda ayni yo‘nalishni yurtimiz tajribasi asosida yanada takomillashtirish maqsad qilingan.
Forumda farmatsevtika mahsulotlari savdosi, qo‘shma ishlab chiqarish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda sog‘liqni saqlash sohasida sheriklikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Dilshod Hakimov, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA