O‘zbekiston – Qatar: Sheriklik istiqboli
Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy vafoti munosabati bilan Dohada bo‘ldi. Ta’ziya bildirish maqsadida amalga oshirilgan ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonch va strategik yaqinlikni yana bir bor namoyon etdi.
Umuman, so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qatar munosabati sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi. Xususan, siyosiy muloqot, investitsiya, energetika, transport, turizm va gumanitar sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
O‘zA muxbiri ayni jarayon xususida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi 1-bosqich tayanch doktoranti Fotima Nazarova bilan suhbatlashdi.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi ikki davlat munosabati nuqtai nazaridan qanday ahamiyat kasb etadi?
– Bu tashrif, avvalo, ta’ziya bildirish maqsadida amalga oshirilgan bo‘lsa-da, o‘ziga xos siyosiy va diplomatik mazmunga ham ega.
Xalqaro munosabat amaliyotida bunday safarlar davlatlar o‘rtasidagi ishonch, o‘zaro hurmat va strategik yaqinlikni ifoda etuvchi muhim diplomatik vosita hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan mazkur voqeani Fors ko‘rfazi yurtlari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan tashqi siyosiy strategiyamizning mantiqiy davomi sifatida baholash mumkin.
– Bugun Qatarning xalqaro maydondagi o‘rni, jumladan O‘zbekiston uchun ahamiyati nimada?
– Qatar Yaqin Sharqning eng faol diplomatik markazidan biri hisoblanadi. Mamlakat Arab mintaqasidagi siyosiy jarayonda muhim o‘rin egallab, xalqaro vositachilik diplomatiyasida ham ulkan tajribaga ega.
Dohada Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro muzokara, G‘azo inqirozi yuzasidan vositachilik tashabbusi hamda mintaqaviy mojaroni yumshatishga qaratilgan jarayon muntazamlik kasb etgan. Shu bois O‘zbekiston uchun Qatar bilan yaqin siyosiy muloqotni rivojlantirish nafaqat ikki tomonlama manfaatli, balki mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik masalasiga ham taalluqli.
– Respublikamiz tashqi siyosatida Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabat qanday o‘rin tutgan?
– Hozir Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylangan. Xususan, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt va O‘mon Sultonligi bilan siyosiy muloqot sezilarli darajada faollashgan. Bu o‘lkalar orasida Qatar alohida o‘rin egallaydi. Zero, mazkur davlat beqiyos sarmoyaviy salohiyati, dunyo energetika bozoridagi mavqei, xalqaro diplomatiyadagi faolligi va iqtisodiy imkoniyati bilan ajralib turadi.
– Doha bilan munosabatimiz qanday bosqichlarni bosib o‘tgan?
– O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida diplomatik munosabat 1997-yil o‘rnatilgan. Dastlab geografik masofa, iqtisodiy aloqa cheklangani hamda tashqi siyosat boshqa mintaqalarga ko‘proq yo‘naltirilgani sababli hamkorlik nisbatan sekin rivojlangan.
2016-yildan keyin O‘zbekiston dunyoga ochildi va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatni yangi bosqichga olib chiqish davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. Aynan shu davrdan boshlab Qatar bilan aloqa ham izchil rivojlana boshladi.
– Hamkorlikda qaysi yo‘nalishlar ustuvor?
– Bugun ikki davlat munosabati uch mustahkam ustunga tayangan holda rivojlanmoqda.
Birinchisi – siyosiy ishonch va muntazam oliy darajali muloqot. Ikkinchisi – sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga umumiy intilish. Uchinchisi – transport-logistika, energetika, ta’lim, turizm va madaniy-gumanitar aloqalar orqali uzoq muddatli strategik sheriklikni shakllantirish.
– Iqtisodiy hamkorlikda qaysi sohalar eng istiqbolli hisoblanadi?
– Ikki davlat iqtisodiy manfaati bir-birini to‘ldiradi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng yirik iste’mol bozori va muhim transport tuguni. Qatar esa mislsiz moliyaviy resurs, zamonaviy logistika imkoniyati va global investitsiya tajribasiga ega.
Kelgusida “yashil” energetika, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot, oziq-ovqat xavfsizligi, transport yo‘laklari va islom moliyasi kabi yo‘nalishlar strategik sheriklikning asosiy drayveriga aylanishi mumkin.
– Energetika sohasidagi sheriklik imkoniyati qanday?
– Qatar suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha dunyodagi yetakchi davlatlardan biridir. O‘zbekiston esa energetika tizimini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va samaradorlikni oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Shu nuqtai nazardan gaz-kimyo sanoati, quyosh va shamol energetikasi, quvvat saqlash texnologiyasi hamda elektr tarmoqlari modernizatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalar istiqbolli sanaladi.
– Transport-logistika sohasini rivojlantirish qanday imkoniyatlar ochadi?
– O‘zbekiston Markaziy Osiyoda muhim tranzit davlat sifatida xalqaro transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Qatar esa Hamad xalqaro aeroporti va dengiz porti orqali Yaqin Sharqning yirik logistika markaziga aylangan. Ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish eksportchilarimizga Fors ko‘rfazi, Afrika va Janubiy Osiyo bozoriga chiqadigan yo‘lni kengaytiradi.
– Siyosiy hamkorlik nuqtai nazaridan kelajakda qanday yo‘nalishlar muhim?
– Kelgusida ikki davlat munosabatini yanada tizimlashtirish dolzarb. Buning uchun strategik sheriklik bo‘yicha oliy darajadagi kengash tashkil etish, muntazam siyosiy maslahatlashuv mexanizmini rivojlantirish, tashqi ishlar vazirliklari muloqotini tizimli davom ettirish va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish muhim.
Umuman, O‘zbekiston va Qatar munosabati bugun o‘zaro ishonch, pragmatizm va umumiy manfaatga asoslangan holda rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va ko‘p qirrali tashqi siyosati hamda Qatarning Markaziy Osiyoga nisbatan qiziqishi yuqoriligi ushbu strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratgan.
Dilshod Hakimov, O‘zA