O‘zbekiston terma jamoasida yangi bosh murabbiy
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, sloveniyalik tajribali murabbiy Srechko Katanets O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.
Bugun O‘FAda sloveniyalik mutaxassis bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shartnoma shartlariga binoan bir vaqtlar Makedoniya, Birlashgan Arab Amirligi, Sloveniya va Iroq milliy terma jamoalarini boshqargan, Sloveniya milliy terma jamoasini Jahon va Yevropa chempionatining final bosqichiga olib chiqqan Srechko Katanets 2025 yilga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets bilan hamkorlikda yana besh nafar xorijlik mutaxassis ish olib boradi. Alesh Chex va Vlado Radmanovich Katanetsga yordamchi murabbiy sifatida ko‘maklashadi. Martin jamoa a’zolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar bo‘ladi. Nihad Peykovich esa darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Shuningdek, murabbiylar shtabidan fizioterapevt Ian Katanets ham o‘rin olgan.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA