Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiyo‘l shahrida Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ochiq muloqot va seminar tashkil etildi.

Unda Soliq qo‘mitasi xodimi I.Sevinchov, Toshkent viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari R.Tursunboyev hamda Yangiyo‘l shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A.Isanbayev ishtirok etdi. Tadbirda yangi farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlari uchun yaratilayotgan qulayliklar, soliq ma’muriyatchiligidagi yengilliklar hamda biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jarayonda tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi. Shuningdek, biznes vakillarining taklif va mulohazalari tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
***

Toshkent tumanidagi Qush qo‘ndi va Sarke mahallalarida xavfsiz muhit yaratish ishlari davom etmoqda. Shu munosabat bilan Milliy gvardiya Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari, tuman IIB xodimlari, mahallaga biriktirilgan profilaktika inspektorlari bilan birgalikda mahallalarda nazorat tadbirlari olib borildi.
Xizmat jarayonida jinoyatchilikning oldini olish, fuqarolar shaxsiga aniqlik kiritish, ekologik muhitni yaxshilash, profilaktik nazoratni kuchaytirish va aholi tinchligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar olib borildi. Bu o‘rganishlar xavfsizlik vaqt bilan cheklanadigan vazifa emas, balki kecha-kunduz davom etadigan uzluksiz mas’uliyat ekanligini ko‘rsatdi.
***
Toshkent viloyat bojxona boshqarmasining “Oybek” chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini yurtimizga yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish aniqlandi. Jumladan, piyoda holda kirib kelgan fuqaro tekshirilganda, uning kiyimi ichki qismiga xufiyona joylashtirilgan umumiy og‘irligi 83,7 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlarini olib kirishga uringani fosh etildi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, olib qo‘yilgan zargarlik buyumlarining umumiy qiymati 85 million so‘mni tashkil etmoqda. Hozir mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
A.Musayev, O‘zA