Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligidagi hukumat komissiyasi xorazmlik tadbirkorlar va investorlarning muammolarini o‘rgandi
Xiva shahrida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligidagi investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Xorazm viloyati tadbirkorlari va investorlari bilan “ochiq muloqot” o‘tkazdi.
Samimiy va erkin tarzda o‘tkazilgan muloqot davomida Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov, Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) Abdumannop Bo‘riyev ham tadbirkorlarning savollariga javob berdi.

Tadbirda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazm viloyatida 2026-yilda umumiy qiymati 4,1 milliard dollarlik 83 ta loyiha doirasida 2,1 milliard dollar (tarmoqlar bo‘yicha – 143 mln, hududiy – 2 milliard dollar) miqdoridagi xorijiy sarmoya va kreditlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida 768 million dollar xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirildi, prognoz 143 foizga bajarildi, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 1,5 barobar o‘sish ta’minlandi.
Tarmoqlarda 77,1 mln dollar (prognoz 145 foizga bajarilgan, o‘sish 2 barobar), hududiy loyihalarda esa 691,3 mln dollar (prognoz 143 foizga bajarilgan, o‘sish 1,5 barobar) o‘zlashtirilgan.
Biroq, umumiy ijobiy ko‘rsatkichlarga qaramay, ayrim tarmoqlardagi alohida loyihalar bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ta’minlanmagan.
Shu munosabat bilan Hukumat komissiyasi Xorazm viloyatidagi investitsiya loyihalari ob’ektlariga chiqib, vaziyatni o‘rgangan. Shuningdek, investorlar va tadbirkorlar bilan muammoli masalalarni shaxsan muhokama qilish maqsadida ham mazkur muloqot tashkil etildi.

Tadbirkorlarga tezkor ko‘maklashish maqsadida muloqotda mas’ul vazirliklar, idoralar hamda diplomatik vakolatxonalar vakillari qatnashdi. Ayrim ishtirokchilar onlayn ulandi.

Xorazmlik tadbirkor eksport tartib-taomillarini tezlashtirishning yangi mexanizmini taklif qildi.
Xususan, Hukumat komissiyasi bilan muloqotda Shovot tumanidagi “ARTA TEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nargiza Bekmuratova ko‘plab eksportchi korxonalar duch kelayotgan muammoni ko‘tardi.

– Kompaniyamiz to‘qimachilik mahsulotlarini AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa mamlakatlariga muntazam eksport qilib keladi, – dedi tadbirkor Nargiza Bekmuratova. – Biroq, zarur ekspertiza xulosalarini rasmiylashtirish faqat ish kunlari amalga oshirilgani sababli dam olish kunlarida eksport jo‘natmalari deyarli to‘xtab qoladi. Shu sababdan hujjatlarni rasmiylashtirish mahsulotni jo‘natishni kechiktirmasligi uchun ekspertiza xizmatining ishini shanba va yakshanba kunlari ham tashkil etishni yoki tartib-taomillarning bir qismini “onlayn” shaklga o‘tkazishni taklif etaman.
Hukumat komissiyasi ekspertiza xizmatining dam olish kunlarida ham faoliyat yuritishini ta’minlaydigan va eksport jo‘natmalaridagi kechikishlarga barham beradigan yangi mexanizmni joriy etish zarurligini qo‘llab-quvvatladi.
Ushbu qarorning ijrosi eksportchi korxonalar duch kelayotgan tizimli muammoni bartaraf etishga va eksport jarayonlari samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muloqot yakunlari bo‘yicha vazirlik, idoralar, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga viloyat ishbilarmonlarini tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni faollashtirish topshirildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri