O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga JICAning grand loyihasi uskunalari topshirildi
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi “Buyuk Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash” loyihasi doirasida uskunalarni topshirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, loyihaning maqsadi — Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va Termiz arxeologiya muzeyini madaniy va arxeologik ahamiyatga ega kolleksiyalarni arxivlashtirish uchun zarur uskunalar bilan ta’minlash orqali O‘zbekistonning madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va saqlash borasidagi salohiyatini mustahkamlashdan iborat.

Loyiha O‘zbekistonda madaniyatni rivojlantirish va hududlarni faollashtirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi mamlakatdagi yetakchi muzeylardan biri bo‘lib, unda qariyb 340 mingta eksponat saqlanadi. Ular orasida buddaviylik tarixi bilan bog‘liq arxeologik yodgorliklardan topilgan ashyolar ham mavjud. Muzey ekspozitsiyasidan tosh davridan boshlab Markaziy Osiyo sivilizatsiyasini aks ettiruvchi arxeologik, tarixiy va etnografik materiallar o‘rin olgan.

Loyiha doirasida kompyuter uskunalari, skanerlar, fotoapparatlar va taqdimot uskunalari yetkazib berilgan, shuningdek, maslahat xizmatlari ko‘rsatilgan.

Mazkur loyiha natijasida madaniy va tarixiy merosni raqamlashtirish orqali uning uzoq muddat saqlanishi ta’minlanadi. Raqamlashtirilgan materiallarni veb-saytga joylashtirish orqali mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilarning ulardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
N.Usmonova, O‘zA