Bog‘i Boburda bo‘lganmisiz?
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining 2025-yilda Qozog‘istonning Aktau shahrida bo‘lib o‘tgan 42-yig‘ilishida Andijon shahri 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilingan edi.
Andijon haqiqatdan ham turkiy dunyoning qadim tarixiy maskanlaridan biri sifatida ana shu maqomga munosib zamindir. Qolaversa, Andijon O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurtning o‘ziga xos, takrorlanmas go‘zal va ohanrabo viloyatlaridan biri sanaladi.
Andijonning turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomiga sazovor bo‘lishida hududdagi tarixiy obidalar, ziyoratgohlar, madaniy meros ob’ektlari, go‘zal va so‘lim maskanlar muhim rol o‘ynaydi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i ham ana shunday maskanlardan biridir.
Xalq orasida “Bog‘i Bobur”, “Bog‘ishamol dam olish maskani” deb ataladigan Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘i Andijon shahrining janubi-sharqiy qismidagi Bog‘ishamol dahasida joylashgan. Umumiy maydoni 357 gektardan iborat maskanga 1973-yilda asos solingan.
Ana shu yili viloyat ijroiya qo‘mitasi qarori bilan andijonlik mehnatkashlar uchun dam olish maskani tashkil etish maqsadida Andijon shahriga tutash Xakan adirliklaridan 300 gektar yer ajratilib, “Bog‘ishamol” dam olish maskanini barpo etishga kirishildi. Qurilish, obodonlashtirish ishlariga viloyatdagi juda ko‘p tashkilotlar, keng jamoatchilik jalb etildi. Chinor, qayrag‘och, archa va boshqa turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, oshxona va choyxonalar qurildi. Bir necha yil o‘tib, Bog‘ishamol xalq dam oladigan so‘lim maskanga aylandi.
[gallery-30970]
1992-yilda ulug‘ bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yillik tantanalari munosabati bilan maskanga “Bobur” nomi berildi.
– Bugungi kunda bog‘ning umumiy maydoni 357 gektarni tashkil etadi, – deydi Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisining o‘rinbosari Rustamjon Mamasoliyev. – Asosan 40-50 yillik daraxtlar bilan qoplangan bog‘ hududida sharqona uslubda qurilgan Ark – darvoza, Bobur Mirzo haykali, shoirning ramziy maqbarasi, masjid, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi, o‘ttizdan ziyod zamonaviy attraksionlar, favvoralar, uzunligi 3,5 kilometr bo‘lgan osma sim yo‘l, restoran, kafe, ko‘plab oshxona va choyxonalar, mehmonxona, kutubxona mavjud. Shuningdek, bog‘da Bobur nomli xalqaro jamoat fondining idorasi ham joylashgan.
“Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning safarlari davomida dunyoning turli hududlaridan olib kelingan temuriylar, boburiylar sulolasining tarixiga oid noyob kitoblar, qo‘lyozmalar hamda turli eksponatlar joy olgan.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi O‘zFA Astronomiya instituti bilan hamkorlikda bog‘ning eng baland qismida “Yoshlar dunyosi” deb nomlangan ilmiy-ma’rifiy markaz tashkil etgan. Markazda yoshlarga koinot sirlari haqida ma’lumot beruvchi observatoriya barpo etilgan.
Bobur milliy bog‘i xalqaro turizm marshrutiga kiritilgan. Boqqa, ayniqsa, bahor, yoz oylarida uzoq-yaqinlardan minglab sayyoh, ziyoratchi va dam oluvchilar tashrif buyuradi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yoz oylarida bu yerga kuniga 2-5 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz hamda xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi.
Bog‘da nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning boshqa mamlakatlarida o‘sadigan turli xil mevali, manzarali daraxtlar, gul va o‘simliklar parvarish qilinadi. Hududning katta qismi adirlikdan iborat ekanligi bois, 2014-yilda Bobur xalqaro jamoat fondi tashabbusi bilan “Zaytun va boshqa subtropik ekinlar yetishtirish ilmiy markazi” tashkil qilinib, suvsizlikka chidamli pista, bodom, yong‘oq ko‘chatlarini yetishtirish hamda xorijiy davlatlardan olib kelingan zaytun daraxti ko‘chatlarini O‘zbekiston iqlimiga moslashtirish borasida ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda.
Hozirga qadar 4 ming tupdan ziyod ko‘chatlar ekilib, pistazor, yong‘oqzor, zaytunzorlar barpo etildi. Shuningdek, keyingi yillarda Andijon davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda bu yerda za’faron, kovrak kabi tibbiyotda keng qo‘llaniladigan o‘simlik ko‘chatlarini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shuningdek, boqqa tashrif buyurayotgan mehmon va ziyoratchilar uchun qulayliklar yaratish maqsadida dam olish maskanining eng yuqori qismida joylashgan “Bog‘i baland”, “Kema” dam olish joylari ta’mirlandi, osma yo‘lning simlari yangilandi.
Turkiy xalqlar davlatchiligi, adabiyoti, san’ati va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ bobomiz Bobur nomi bilan ataluvchi milliy istirohat bog‘i bugungi kunga kelib, Andijonning o‘ziga xos ramzi – tashrif qog‘oziga aylangan. Bobur nomli milliy istirohat bog‘i nafaqat andijonliklar, balki shahar mehmonlari, sayyohlar ko‘ngilli hordiq chiqaradigan yurtimizning eng so‘lim va gavjum maskanlaridan biridir.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari