O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Al Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan istiqbolli biznes-g‘oyalar hamda istiqbolli startap loyihalarni aniqlash va saralash tizimini yaratish;
ichki va tashqi bozorlarga mo‘ljallangan, eksportbop hamda xalqaro raqobatbardosh sun’iy intellekt mahsulotlari va yechimlari ishlab chiqilishini rag‘batlantirish;
tanlov doirasida yosh mutaxassislarning sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida modellashtirish, ma’lumotlar bilan ishlash va jamoaviy faoliyat bo‘yicha qiziqishi, amaliy ko‘nikmalari va salohiyatini yanada oshirish tartibi belgilab berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President Al Award) tanlovini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tegishli qarorlar qabul qilish, uni o‘tkazish muddatlari va mas’ullarini belgilash;
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ tomonidan taqdim qilingan saralash va baholash mezonlarini tasdiqlab, tanlovning maxsus portalida ularning e’lon qilib borilishini ta’minlash;
tanlovning shaffof, adolatli va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash hamda g‘oliblarni taqdirlash;
tanlov g‘oliblarining sun’iy intellektga asoslangan startap loyihalari iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida amaliyotga joriy etilishiga ko‘maklashish.
Tanlov Tashkiliy qo‘mita tomonidan har yili 1-iyunga qadar tasdiqlanadigan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazib boriladi.
Tanlovga hujjatlar har yilning iyul oyidan boshlab qabul qilinadi.
Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, Tanlovni yoritish va uning o‘tkazilishi bilan bog‘liq boshqa tadbirlar maxsus portal (awards.gov.uz) orqali Alyans tomonidan amalga oshiriladi.
Tashkiliy qo‘mitaning ishchi organiga tanlov bosqichlari shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida eng yaxshi takliflarni tanlab olish orqali sun’iy intellekt va (yoki) raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi mas’ul tashkilot bilan shartnoma tuzish huquqi beriladi.
Tanlov g‘oliblari sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatuvchi mas’ul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan yuridik shaxslar quyidagi miqdorlarda Markaziy bankning to‘lov amalga oshiriladigan kunidagi rasmiy kursi bo‘yicha milliy valyuta ekvivalentida “IT Park Ventures” MCHJ tomonidan ulush evaziga investitsiya ko‘rinishidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:
1 o‘rin uchun - 100 000 AQSH dollari;
2 o‘rin uchun - 60 000 AQSH dollari;
3 o‘rin uchun - 40 000 AQSH dollari.
O‘zA