O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Hyundai Motor Group”, “Kia” va “Hyundai Rotem” kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahriga tashrif doirasida “Hyundai Motor Group” strategi bo‘yicha prezidenti Kim Son, “Kia Motors” katta vitse-prezidenti Cho San Un va “Hyundai Rotem” direktorlar kengashi raisi Li Yon Be bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kompaniyalar guruhining O‘zbekistonda avtomobil va transport sohalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. Jizzaxda tashkil etilgan avtomobil klasterida ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Kia” avtomobillarini ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilayotgani va eksport hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishni boshlash va presslash sexini ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, elektr va gibrid avtomobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Hyundai Rotem” poyezdlari Toshkent – Xiva yo‘nalishida qatnay boshladi va yo‘l vaqtini ikki barobar qisqartirdi. Kompaniya tomonidan qo‘shimcha poyezdlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda “Hyundai Rotem” servis markazini tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda elektr dvigatellari uchun magnitlar ishlab chiqarish masalasini o‘rganish muhimligi ta’kidlandi.