O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri “ADEX 2026” oltinchi Ozarbayjon xalqaro mudofaa ko‘rgazmasida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasining Boku shahriga amaliy tashrif bilan bordi.
Delegatsiyamiz vakillari dastlab Boku shahrida o‘tkazilayotgan “ADEX 2026” oltinchi Ozarbayjon xalqaro mudofaa ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Quvonarlisi, mintaqada mudofaa sanoati sohasidagi eng nufuzli va foydali platformalardan biri deya e’tirof etilayotgan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati vakillari “Made in Uzbekistan” yagona milliy brendi ostida mamlakatimiz mudofaa sanoatining ishlab chiqarish va texnologik salohiyatini namoyish etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Shuhrat Xolmuhamedov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida mudofaa vaziri Ozarboyjon Respublikasi Prezidentiga milliy stenddan o‘rin olgan, mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan zamonaviy mudofaa mahsulotlari, o‘q-dorilar, shaxsiy himoya vositalari, harbiy anjomlar, aviatsiya vositalari, shuningdek, dron va antidron tizimlarini tanishtirdi.
Ikki tomonlama muzokaralar davomida "ADEX" va "Securex Caspian" ko‘rgazmalari ishtirokchilar o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
O‘zA