O‘zbekiston raqamli transformatsiyada global hamkorlikni kengaytirmoqda
Davlatimiz rahbari ishtirokida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Connecting Asia and the Pacific: The Digital Highway for Inclusive and Trusted Growth” mavzusidagi sessiyada qatnashdi.
Mazkur sessiyada Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda, Google kompaniyasi vitse-prezidenti Vint Serf, Mastercard kompaniyasi ijrochi vitse-prezidenti Helena Forest hamda International Telecommunication Union bosh kotibi Doren Bogdan Martin ishtirok etdi.

Sessiya davomida raqamli transformatsiya, mintaqaviy integratsiya, inklyuziv o‘sish hamda ishonchli raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Vazir o‘z chiqishida O‘zbekistonning raqamli rivojlanishdagi yutuqlari, xususan, startap ekotizimining jadal o‘sishi, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan dasturlar hamda sun’iy intellekt va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishidagi strategik ustuvorliklarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, sessiya yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob oldi.
Mazkur platforma O‘zbekistonning raqamli transformatsiya bo‘yicha global hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash va barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.

N.Rahmonova, O‘zA