O‘zbekiston-Qatar: investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlari o‘rganilmoqda
Davlat aktivlari agentligida Qatarning “Artan Holding” kompaniyasi va “Qatar City University” rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonda investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish va ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk ob’ektlari hamda “Yangi Toshkent” hududidagi yer uchastkalarini xususiylashtirishda ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekistonda xalqaro darajadagi universitet tashkil etish istiqbollari muhokama qilinib, loyiha uchun mos yer maydonlari va ko‘chmas mulk ob’ektlariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda Qatar vakillariga davlat aktivlarini xususiylashtirishning yangi moliyaviy mexanizmlari ham tanishtirildi. Unga ko‘ra, ob’ekt qiymatining 35 foizi uch oy ichida to‘lansa, qolgan mablag‘ni besh yilgacha, 50 foizi olti oy ichida to‘lansa, qolgan qismini yetti yilgacha foizsiz bo‘lib to‘lash mumkin. Ob’ekt qiymati olti oy ichida to‘liq to‘langan taqdirda esa, xaridorga 25 foiz chegirma beriladi.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida Qatar vakillarini onlayn-auksionga qo‘yilgan davlat mulki ob’ektlari bilan tanishtirish hamda ta’lim loyihasini hisobga olgan holda “Yangi Toshkent”dagi yer uchastkalari bo‘yicha takliflarni o‘rganishga kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA