Kitob insonni tarbiyalaydi
Mulohaza
Kitob o‘qish inson tafakkurini charxlaydi, dunyoqarashini kengaytiradi, nutqning ravon bo‘lishiga hissa qo‘shadi, muomala madaniyatini rivojlantiradi. Yana ko‘plab yaxshi amallarga zamin yaratadi.
Qur’ondagi ilk nozil bo‘lgan “Iqro” so‘zi ham arab tilidan tarjima qilinganda “O‘qi!”, “Qiroat qil!” yoki “Yetkaz!”, “Tarqat!” degan ma’nolarni anglatadi. Islom dinining birinchi buyrug‘i o‘qish va ilm olish bo‘lgan. Bu insoniyatni jaholat botqog‘idan faqat ilm qutqara olishiga ishoradir. Chin dildan kitob o‘qigan, undan ma’naviy ozuqa olgan insondan hech qachon yomonlik chiqmaydi.

Mamlakatimizda yoshlar orasida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida tizimli loyihalar o‘tkazilmoqda. Prezident sovg‘asi uchun o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi, mahallabay tashkil etilayotgan kitobxonlik musobaqalari bunga yorqin misoldir. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad shunchaki g‘oliblarni aniqlash emas, balki yoshlar orasida bilimli, iqtidorli qatlamni yuzaga chiqarish va keng ommani savodli qilishdir. Zero, kitobxon millatni yengib bo‘lmaydi.
Xizmatga kelar chog‘imda metro vagonida ko‘pchilikning nigohi telefon ekraniga qadalgan, kimdir o‘yin o‘ynab, kimdir ijtimoiy tarmoqlardagi mazmunsiz videolarni tomosha qilib kelayotgan bir paytda, ikki nafar yoshning kitob mutolaasi bilan band bo‘lgani diqqatimni tortdi.
Ulardan birining qo‘lida amerikalik mashhur yozuvchi Jek Londonning “Martin Iden” romani, ikkinchisining qo‘lida esa fransuz adabiyoti durdonasi Gi de Mopassanning “Azizim” asari edi. Bu shunchaki tasodif emas, balki bugungi yoshlarimizning didi naqadar yuksalayotganidan dalolatdir. Chunki bu asarlar yengil-yelpi emas, balki inson fe’l-atvorini, jamiyatning ichki ziddiyatlarini ochib beruvchi jiddiy falsafiy asarlardir.
Gadjetlar va virtual olam inson ongini zabt etayotgan XXI asrda mana shunday jiddiy adabiyotlarni qo‘liga olgan yoshlarni ko‘rish kelajakka bo‘lgan ishonchimizni orttiradi. Demak, yoshlarimiz kitob o‘qishga astoydil berildi. Bu harakatlarning natijasi, shubhasiz, yaqin yillarda o‘z so‘zini aytadi.

O‘tgan asrning 1975-yillar orasida bo‘lsa kerak, maktab davridagi uch oylik ta’tilga chiqqan paytlar. Adabiyot muallimi Anvar aka ta’tilni bekorchilikda o‘tkazmaslikni aytib, kitob o‘qishga da’vat etib, ta’tildan keyin o‘qigan kitob bo‘yicha yozma ish qabul qilishni uqtirgan edi. Uch oy soya kabi o‘tdi-ketdi. Ko‘pchilik ustozning aytgan gapi uch oyda esidan chiqib ketadi deb o‘ylagan edi. O‘qishning birinchi kunidayoq ustoz har birimizdan birma-bir o‘qilgan kitob haqida so‘rov o‘tkazdi.
Ta’til davrida bor-yo‘g‘i uchta o‘quvchi o‘qigan kitobi haqida so‘zlab berdi. Men ham shunda o‘qigan “To‘rt do‘st” nomli kitob qahramonlarining hayotidagi yuz bergan sarguzashtlarini hikoya qilib berdim. Ustoz bizni juda olqishladi va rag‘bat tariqasida birdaniga sinf jurnaliga beshta besh bahoni yozib qo‘ydi. Shundan so‘ng sinfdagi barcha do‘stlarimda ham kitob o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq ortdi. Bu oddiy hol bo‘lsa-da, kitobga, ilmga bo‘lgan qiziqish uchun shuning o‘zi yetarli edi.

Bugungi kunda esa kitobxonlikka, mutolaaga bo‘lgan qiziqish va mehr juda yuqori. Keyingi paytlarda kitobxon yoshlarni ko‘p kuzatyapman. Ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida qo‘lida kitob ko‘targan yoshlar safi kengaymoqda. Yana o‘zim uchun yaxshi gumonda bo‘ldim. Qo‘lida telefon ko‘targan yoshlarni hammasi ham o‘yinlar bilan band emas, hozirda kitoblarning elektron shakli ham bor, albatta.
Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, metropolitenning qator bekatlarida “Turon kitob bekati” deb nomlangan loyiha doirasida mahalliy va xorijiy mualliflarning asarlari joylashtirilgan kitob javonlari o‘rnatilgani ham bu boradagi ezgu ishlarning bir ko‘rinishi desak bo‘ladi.

Йўловчиlar kitob javonidan istalgan kitobni olib, bekatlar oralig‘ida o‘qishlari va uni avvalgi joyiga yoki xuddi shunday kutubxona mavjud bo‘lgan boshqa bekatlarga qaytarishlari lozim. Bundan zavqlandim va shaxsiy kutubxonamdagi ayrim kitoblarni shu kabi bekatlardagi jovonlarga hadya tariqasida joyladim va bundan kitobxon yurt farzandlari safi kengayishiga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganimdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Bugun metroda kitob varaqlayotgan har bir yosh ertangi kunimizning, ma’rifatli jamiyatimizning poydevoridir. Smartfonlar bizga ma’lumot berishi mumkin, ammo, faqat kitobgina bizga tafakkur va yuksak ma’naviyat baxsh etadi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish masofadan emas, aynan o‘z qo‘limizdagi kitobdan boshlanadi.
Kitob bilan do‘stlashgan avlod jamiyatni jaholatdan qutqaradi va Vatanimizni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqadi.
Asror Sulaymonov,
O‘zA