O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodova tavallud topgan kun
Vatanimiz tarixidagi 9 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1403 yil (bundan 622 yil oldin) – Anqara jangida mag‘lub bo‘lib, asir olingan sobiq sulton Boyazid Yildirim Oqshaharda vafot etdi. Temur buni eshitib Oqshaharga bordi va duo-fotihalarini bajo keltirdi. Amir Temur Boyazid vafotidan so‘ng uning vorislariga muruvvat qildi. Chunonchi Boyazidning to‘ngich o‘g‘li Sulaymon Chalabiyni turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinladi. Edirne (Adrianopol) shahri uning poytaxti qilib belgilandi. Anadoluning shimoli-g‘arbiy qismi suyurg‘ol sifatida Iso Chalabiyga in’om qilinib, Bursa shahri uning poytaxtiga ailantirildi. Usmonli turklar davlatining markaziy qismini boshqarishni Muso Chalabiyga topshirdi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Toshkentning Chorsu maydonidagi jome’ masjidida Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasiga delegatlar saylash munosabati bilan 20 mingdan ortiq kishi yig‘ildi. Yig‘ilish ishtirokchilari o‘zbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri Ubaydulla Xo‘jayevni rais, O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchilaridan biri Munavvarqorini rais o‘rinbosari, Qo‘qon xonlari avlodidan bo‘lgan Sayyid Muhammad Islombek Xudoyorxonovni majlis kotibi etib saylashdi. Majlis yig‘ilishida qo‘mita delegati etib, shaharning 4 dahasidan 40 kishi saylandi.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Fitrat Turkiston respublikasining rasmiy vakili sifatida Buxoro respublikasiga bordi. Yangi tashkil etilgan Buxoro respublikasi bilan madaniyat va maorif ishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kirishdi. Shu bilan birga Buxoro respublikasi hukumatining iltimosi bilan rasmiy vazifalarga ishlash uchun taklif qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, keyinchalik Fitrat Buxoroda tashqi ishlar va maorif xalq noziri (vaziri), Markaziy Ijroiya Qo‘mitaning rais muovini vazifalarida ishlagan. Shunda Fitratning taklifi bilan Buxoroga Cho‘lpon, Mannon Uyg‘ur kabi adabiyot va san’at namoyandalari chaqirtirib olingan.
1921 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston favqulodda komissiyasining 21-sonli buyrug‘iga asosan Amudaryo viloyati favqulodda komissiyasining “Uchlik”lari tashkil etilishi belgilandi. Aholini qo‘rquvda ushlab turish maqsadida “Uchlik” haqidagi xabar Amudaryo viloyatining aholi yashaydigan uyezdlariga va o‘lkadagi barcha tashkilotlarga tarqatilgan. “Uchlik”larning tezkor majlislari o‘tkazib turilgan. Favqulodda komissiyaning yozma ruxsatisiz Amudaryo hududidan hech kim tashqariga chiqa olmagan.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston, Buxoro va Xorazm respublikalarini iqtisodiy jihatdan birlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va Toshkentda O‘rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi tashkil qilindi.
1958 yil (bundan 67 yil oldin) – atoqli fermer, qishloq xo‘jaligi ilmining yetuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodova tavallud topdi (vafoti 2022 yil). U o‘z hayotini mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligi bilan bog‘ladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qo‘llash, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tarbiyalashda o‘ziga xos tajriba maktabini yaratdi. Lola Murodovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan.
1988 yil (bundan 37 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiya Markaziy Qo‘mitasi Byurosi birinchi kotib Rafiq Nishonov boshchiligida “Millatlararo munosabatlarning ahvoli va respublikada internatsional tarbiyani kuchaytirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Mazkur qarorda mamlakatimiz tarixida o‘zining qonuniy va salmoqli o‘rniga ega bo‘lgan buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur va Boburga “jallod va bosqinchi” deb baho berildi. O‘zbek milliy adabiyotining yorqin yulduzlari Fitrat va Cho‘lpon nomlarini tiklashga qarshi toshlar otildi.
Qarorda respublikada ommaviy tus olgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish harakati – millatchilik harakati sifatida qoralandi, partiya va jamoat tashkilotlarining diqqat e’tibori rus tilini o‘rganish masalasini yanada yaxshilashga qaratildi. Respublika maktablarida 2 mingdan ortiq malakali rus tili o‘qituvchilari yetishmayotganligi keskin tanqid qilindi. Albatta, rus tilini o‘rganish katta madaniy-ma’rifiy hodisa. Biroq, unga ko‘r-ko‘rona yondashish, bir yoqlama munosabatda bo‘lish, milliy tilni kamsitishga yo‘l qo‘yish orqali fuqarolar milliy g‘ururini toptash o‘sha davr siyosatining mazmuniga aylangan edi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi Amerikaning Sietl shahridagi “Boing” samolyotsozlik korporatsiyasidan sotib olgan ikkinchi “Boing-767” samolyoti Toshkent aeroportiga kelib qo‘ndi. Yangi reaktiv layner qadimiy o‘zbek shahri – “Xiva” nomi bilan ataldi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2009 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Zamonaviy arxitektura-shaharsozlik talablarini hisobga olgan holda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Toshkent metropolitenida soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan kunduzgi vaqtda pensionerlarni bepul tashish yo‘lga qo‘yilgan.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Davlat maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatishning asosiy maqsadlari va strategik yo‘nalishlari, chora-tadbirlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga binoan davlat mulki – respublika mulkidan va ma’muriy-hududiy tuzilmalarning mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan ommaviy mulk hisoblanadi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi