O‘zbekiston Prezidenti TDT sammitining madaniy dasturida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari va ularning rafiqalari bilan birgalikda TDTning Anqara sammiti doirasidagi madaniy dasturda ishtirok etdi.
Yetakchilar Anqara shahridagi “Beshtepa” majmuasida Turkiy davlatlar sivilizatsiyasi bog‘ini ochib berdilar.


Bog‘da tashkil etilgan turkiy davlatlarning pavilonlarida an’anaviy o‘tovlar va xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etilmoqda. Ular turkiy xalqlarning boy tarixiy-madaniy va me’moriy merosi, ilm-fan va ma’rifat sohasidagi yutuqlari, o‘ziga xos an’analari hamda hozirgi davrdagi taraqqiyotini aks ettiradi.
Davlat rahbarlari turkiy xalqlarning yozma yodgorligi hisoblangan qadimgi O‘rxun bitiklarining nusxasi bilan tanishdilar. Shu yerning o‘zida milliy o‘yinlar, kamonchilar va tarixiy liboslardagi jangchilarning chiqishlari bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng davlat rahbarlari eman ko‘chatlarini ekdilar.


Bunday tashabbuslar tarixiy xotira va madaniy merosni asrab-avaylash, avlodlar o‘rtasida uzviylikni ta’minlash hamda ma’naviy qadriyatlari va an’analari mushtarak bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.


Shundan so‘ng yetakchilar “Malazgirt” markaziga tashrif buyurdilar. Uning nomi turkiy xalqlar tarixida muhim ahamiyat kasb etgan 1071-yil 26-avgustdagi Malazgirt jangiga ishoradir.
Oliy martabali mehmonlarga chavandozlar, akrobatlar va kaskadyorlar, shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlardan keltirilgan otlar ishtirokida epik tomosha namoyish etildi.