O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri va xalqiga hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarning sobiq Amiri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish uchun tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Lusail saroyida davlatimiz rahbari Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida Prezidentimiz Qatar Amiriga otasi – sobiq Amir Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniyning vafot etgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi.

Shayx Hamad Ol Soniy Hazratlari Qatar Davlati erishgan ko‘plab tarixiy yutuqlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi jadal islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga ulkan hissa qo‘shgan siyosat arbobi bo‘lgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, ul zotning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlashdagi samarali mehnatlari alohida qayd etildi.

Shuningdek, Prezidentimiz Qatar bugungi kunda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi muhim o‘rin egallayotgani, xalqaro maydonda katta ta’sirga ega “Doha ovozi” paydo bo‘lganini e’tirof etdi.
Ikki davlat yetakchilari O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar.

O‘z navbatida, Qatar Amiri O‘zbekiston Prezidentiga ushbu sinovli damlarda shaxsan tashrif buyurib, bildirgan samimiy hamdardligi hamda do‘stona qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston rahbari Qatar Amirini o‘ziga qulay bo‘lgan fursatlarda mamlakatimizga tashrif buyurishga taklif etdi.