Ona va bola salomatligi saqlab qolindi
Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filialida yana bir murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Yuqori xavfli akusherlik holatida bajarilgan operatsiya natijasida ham onaning, ham chaqaloqning hayoti va salomatligi saqlab qolindi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur jarrohlik amaliyoti filialning oliy toifali akusher-ginekologi Ozoda Raimqulova hamda uning shogirdi Jasurbek Topilov tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi. Bu nafaqat shifokorlarning yuksak kasbiy mahorati va zamonaviy tibbiy yondashuvlar samarasini, balki filialda ustoz-shogird an’analari izchil davom etayotganining ham yorqin ifodasi bo‘ldi.
Sayxunobod tumanining O‘zbekiston mahallasida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan Gulhayo Hamidova homiladorlikning 38 haftasida filialga murojaat qildi. Chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar davomida unda o‘ng tuxumdon kistomasi aniqlandi. Mutaxassislar bemorning umumiy ahvoli, homilaning rivojlanishi hamda kasallikning ehtimoliy xavflarini har tomonlama baholab, konsilium xulosasiga asosan kesar kesish amaliyotini o‘tkazishga qaror qildi.
Jarrohlik amaliyoti davomida sog‘lom o‘g‘il chaqaloq dunyoga keltirildi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning vazni 3100 gramm, bo‘yi 49 сантиметрни tashkil etdi. Shuningdek, operatsiya jarayonida bemorda aniqlangan o‘ng tuxumdon kistomasi kapsulasi bilan birga to‘liq olib tashlandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, homiladorlik davrida aniqlanadigan tuxumdon kistalari aksariyat hollarda doimiy kuzatuvni talab etadi. Biroq o‘smaning kattalashishi, asoratlar xavfi yoki tug‘ruq jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda jarrohlik amaliyoti eng maqbul davolash usuli hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda kesar kesish bilan bir vaqtning o‘zida patologik hosilani bartaraf etish orqali bemorni takroriy operatsiyadan asrash mumkin bo‘ladi.
— Har bir klinik holat alohida yondashuvni talab qiladi. Mazkur bemorda homiladorlik to‘liq muddatga yetgani va o‘ng tuxumdonda kistoma mavjudligi inobatga olinib, kesar kesish amaliyotini o‘smani olib tashlash bilan bir vaqtda bajarishga qaror qilindi. Bu, bir tomondan, chaqaloqning xavfsiz tug‘ilishini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, ona organizmini takroriy jarrohlik aralashuvidan asradi. Eng muhimi, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi va bugungi kunda ham ona, ham chaqaloqning ahvoli qoniqarli, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati filialining oliy toifali akusher-ginekologi Matluba Jo‘rayeva.
Ayni paytda ona va chaqaloqning ahvoli yaxshi, ular shifokorlar nazorati ostida sog‘aymoqda. Eng muhimi, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam tufayli yana bir oilaning baxti saqlab qolindi. Bu esa shifokorlarning yuksak kasbiy mahorati va tajribasini, balki viloyatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimi zamonaviy tibbiy texnologiyalar asosida izchil rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri