O‘zbekiston - Ozarbayjon: Can’at sohasida hamkorlik
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida Ozarbayjon milliy san’at muzeyi direktori, taniqli madaniyat arbobi Shirin Malikova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida mehmon institut galereyasida namoyish etilayotgan rangtasvir, haykaltaroshlik va miniatyura san’ati namunalarini tomosha qilib, institutning ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng institut rektori Omonulla Salixov va Ozarbayjon milliy san’at muzeyi direktori Shirin Malikova o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida tomonlar muzeyshunoslik, san’atshunoslik, madaniy merosni asrash va targ‘ib etish, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda tasviriy san’at yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, institut tomonidan tashkil etilayotgan “XXI asrda muzey ta’limi: global kontekst va transformatsiyalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyaning ahamiyati, kelgusida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish, muzeyshunoslik va san’atshunoslik sohalarida hamkorlikdagi tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Ozarbayjon milliy san’at muzeyi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qayd etilganidek, mazkur memorandum ikki mamlakatning san’at va muzeyshunoslik sohalari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
G.Boboyeva,
O‘zA