O‘zbekiston o‘smir dzyudochilari Osiyo chempionatini ishonchli boshladi
Iordaniya poytaxti Amman shahrida o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatining birinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Kadetlarimiz 6 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, jami 12 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida yetakchilar safidan o‘rin oldi.
Osiyoning eng kuchli yosh dzyudochilari ishtirok etayotgan qit’a chempionatining ilk kun bahslari O‘zbekiston terma jamoasining ustunligi ostida o‘tdi. Aurelian-Chiprian Flis murabbiyligidagi kadetlarimiz nafaqat medallar soni, balki barqaror natijalari bilan ham e’tiborni tortdi.
Musobaqaning birinchi kuni tatamiga chiqqan 12 nafar o‘zbekistonlik dzyudochining barchasi sovrindorlar safidan joy olgani terma jamoaning puxta tayyorgarligi va sportchilarning yuqori sport mahoratidan dalolat beradi. Bu esa Osiyo chempionati kabi nufuzli musobaqada kamdan-kam kuzatiladigan natija hisoblanadi.
Qit’a chempionlari safidan Iroda Sirojiddinova (-40 kg.), Dilafruz Boltaboyeva (-44 kg.), Charos Hikmatova (-48 kg.), Akbar Sharipov (-50 kg.), Davlatbek Ahrorov (-60 kg.) va Akramjon Karimov (-66 kg.) o‘rin oldi. Ularning g‘alabasi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi olti marta yangradi.
Alina Kolyucheva (-44 kg.) hamda Bobur Yusupov (-55 kg.) finalga qadar yetib borib, kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Mohinur Ollaberganova (-48 kg.), Kumushbibi Ergasheva (-52 kg.), Ma’murjon Abduvahobov (-50 kg.) va Abubakr Sattorov (-60 kg.) esa bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Mazkur natija O‘zbekistonda yoshlar dzyudosini rivojlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar samarasini yana bir bor tasdiqladi. Ayniqsa, bir kunning o‘zida olti nafar Osiyo chempionining yetishib chiqishi va barcha ishtirokchilarning medal bilan qaytishi mamlakat dzyudo maktabining qit’a miqyosidagi raqobatbardoshligini yaqqol namoyon etdi.

Osiyo chempionati davom etadi. Oldindagi bellashuvlarda ham O‘zbekiston terma jamoasi vakillari medallar uchun kurashni davom ettirib, umumjamoa hisobidagi yetakchilikni mustahkamlashni maqsad qilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA