Ertaga “WTT Feeder Tashkent-2026” xalqaro turniri g‘olib va sovrindorlari ma’lum bo‘ladi
FOTOREPORTAJ
Poytaxtdagi “Olimpiya shaharchasi”da stol tennisi bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan “WTT Feeder Tashkent-2026” xalqaro turniri hal qiluvchi bosqichga yetdi.
Jahon stol tennisi taqvimidan o‘rin olgan nufuzli musobaqada 18 davlatdan 160 nafardan ortiq professional sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bormoqda. Turnirda xalqaro reyting ochkolari uchun kechayotgan qiziqarli uchrashuvlar muxlislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
[gallery-30588]
O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan sportchilar ham munosib ishtirok etmoqda. Erkaklar juftlik bahslarida Shohruh Iskandarov – Qutbidillo Teshaboyev hamda Musobek Toliyev – Shahbozbek G‘ulomiddinov juftliklari muvaffaqiyatli ishtirok etib, chorak finalga qadar yetib keldi. Bu esa o‘zbek stol tennisi tarixida xalqaro reyting turnirida qayd etilgan eng yaxshi natijalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Afsuski, chorak final bahslarida har ikki juftlik ham kuchli raqiblariga imkoniyatni boy berib, medallar uchun kurashni to‘xtatdi.
Ertaga musobaqaning so‘nggi kunida erkaklar va ayollar o‘rtasida yakkalik hamda juftlik bahslari, shuningdek, aralash juftliklar bellashuvlarida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi. Turnir yakunida g‘oliblarga medal, kubok va xalqaro reyting ochkolari topshiriladi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA