O‘zbekiston — O‘mon munosabatlari rivojlanib bormoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya O‘mon Sultonligiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida O‘mon Davlat kengashi raisi Shayx Abdulmalik bin Abdulloh al-Xaliliy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki davlat parlamentlari hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston — O‘mon munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati davlatlararo hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Muloqotda Shayx Abdulmalik bin Abdulloh al-Xaliliy O‘zbekistonning ochiq va samarali tashqi siyosatini yuqori baholadi. Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Suhbat davomida tomonlar iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini alohida qayd etdi.
M.Komilova,
O‘zA