Markaziy Osiyo yosh yetakchilari o‘zaro hamkorlikni kengaytirish tarafdori
27-29-oktabr kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida ilk bor o‘tkazilayotgan «Markaziy Osiyo yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi doirasidagi tadbir va uchrashuvlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon Respublikasining yetakchi yoshlari o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratishmoqda.
Dastur davomida yurtimizga tashrif buyurgan mintaqa yoshlari O‘zbekistonning yoshlar siyosati borasidagi tajribalarini o‘rganmoqda, o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘lishmoqda. Mintaqadagi hamjihatlikni mustahkamlashda yoshlarning o‘rni va ishtirokini muhokama qilishmoqda.
Yosh liderlar bu borada o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirdi:
Dinara SADVAKASOVA,
Qozog‘iston Xalq Kengashi kotibiyatining jamoat birlashmalari bilan hamkorlik sektori mudiri:
— Bugun biz O‘zbekistonda hamda mamlakat parlamentida yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotganiga bevosita guvoh bo‘ldik. Bu boradagi tajribani o‘rganish biz uchun juda qiziqarli bo‘ldi. So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonning turli sohalardagi jadal taraqqiyotini yaqin qo‘shni davlat sifatida kuzatib kelyapmiz va bundan mamnunmiz.
Aytish kerakki, “Yosh yetakchilar” dasturi mintaqada yoshlar muloqotini rivojlantirish uchun xizmat qiladigan muhim maydon bo‘lishiga ishonaman. Bu kabi dasturlar kelajakdagi yetakchilar o‘rtasida xalq diplomatiyasini shakllantirish, o‘zaro anglashuv va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb hisoblayman.

Aysenam GULIEVA,
Ozarbayjon Respublikasining nodavlat notijorat tashkiloti vakili:
— Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilariga bag‘ishlangan ushbu anjuman biz uchun juda muhim ahamiyatga ega. Muhokamalar va ochilish marosimi davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik ushbu davlatlarning geosiyosiy manfaatlari nuqtai nazaridan juda samarali ekani alohida ta’kidlandi.
Mening fikrimcha, siyosat faqat yuqori darajadagi rahbarlar faoliyati bilangina cheklanmaydi. U xalqlar, ayniqsa, mamlakatlar yoshlari va yosh yetakchilari o‘rtasidagi munosabatlar hamda hamkorlikni ham qamrab oladi.
Aynan shu sababli mazkur konferensiyada ishtirok etish men uchun juda muhim. Zero, yoshlar o‘z mamlakatlarining kelajagi, ular o‘z yurtlarining tarixi va an’analarini davom ettiruvchi avlod. Shu bois, turli mamlakatlar yoshlarining faolligi, o‘zaro muloqoti va hamkorligi nihoyatda muhim. Bugun yoshlar o‘rtasida yo‘lga qo‘yiladigan mustahkam aloqalar kelajakda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishiga ishonaman.
Xayriniso RASULOVA,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy taraqqiyot kengashi kotibiyatining milliy maslahatchisi:
— O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami va erishilayotgan natijalar bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda yoshlar aholining katta qismini tashkil etishini hisobga olsak, zamon bilan hamnafas, strategik fikrlovchi avlodni tarbiyalash biz uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Mintaqa davlatlarida hamfikrlarimiz borligi, xalqlarimiz do‘stligi va umumiy taraqqiyot yo‘lida birgalikda harakat qilayotganimiz quvonarli. Umid qilamanki, bu kabi uchrashuvlar doimiy muloqot maydoniga aylanib, butun mintaqa rivojiga xizmat qiladi.
Baktiyar KALPAEV,
Qirg‘iziston va O‘zbekiston parlamentlari o‘rtasidagi do‘stlik guruhi rahbari:
— «Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yosh yetakchilari» forumida Qirg‘iziston parlamenti deputatlari bilan birgalikda ishtirok etyapmiz. Men O‘zbekiston bilan chegaradosh bo‘lgan hududdanman. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yanada mustahkamlash biz uchun juda muhim.
Bugungi kunda o‘zaro hamkorlik — eng muhim masalalardan biri. Ayniqsa, Markaziy Osiyo yosh yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga ega. Chunki Markaziy Osiyoning kelajagi, mamlakatlarimizning ertangi kuni yoshlarimiz qo‘lida.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz juda do‘stona, tom ma’noda birodarlik darajasiga ko‘tarildi. Biz birdam va hamjihat bo‘lsak, umumiy kelajagimiz ham mustahkam bo‘ladi. Bunday jipslik va hamjihatlik Markaziy Osiyo mamlakatlarining kelajagi uchun nihoyatda muhim. Shu bois, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari va barcha qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik qilishga, yosh yetakchilarning aloqalarini kengaytirishga tayyormiz.
Muhtarama Komilova,
O‘zA