O‘zbekiston mosh eksportida TOP-5talikda: ilm-fan yutuqlari "meva"si
O‘zbekiston mosh eksporti bo‘yicha dunyoning kuchli beshligiga kirdi. Bu yutuqlarga erishishda ilmiy izlanishlar va yangi, serhosil navlar roli qanday?
Dunyo miqyosida mosh ekin maydoni taxminan 7.3 million gektarni tashkil etadi va undan yiliga o‘rtacha 5.3 million tonna atrofida hosil yig‘ib olinadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston xorijiy bozorlarga 36.2 ming tonna mosh eksport qilgan. Mahsulotning asosiy qismi sifati va ta’mi jihatidan juda yuqori baholanib, Xitoy, Vetnam, Pokiston va Yevropa davlatlariga katta hajmda yuborilmoqda. Mamlakatimiz so‘nggi yillarda dunyo miqyosida quruq mosh eksporti bo‘yicha kuchli beshlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi. Albatta, ushbu yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Ilm-fan bilan amaliyotning uyg‘un olib borilishi va seleksioner olimlarimizning ilmiy izlanishlari serhosil, eksportbop navlarning yaratilishiga sabab bo‘ldi.

Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti Boshqirdiston davlat agrar universiteti bilan xo‘jalik shartnomasi asosida mosh ekini bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Ushbu tadqiqot ishlarida “Qishloq xo‘jalik ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi” kafedrasi dotsenti Fozilbek To‘rayev boshchiligida, professorlar Sirojiddin Jo‘rayev va Go‘zal Xolmurodovalar bilan birgalikda faoliyat yuritishib, ushbu o‘simlikning yangi navlarini ishlab chiqarishga joriy etishga erishildi.
Olimlarimiz tomonidan yaratilgan va istiqbolli mosh navlaridan “Durdona”, “Barqaror”, “Turon”, “Zilola”, “Marjona”, “Baraka”, “Zamin”, “Osiyo” navlari respublikamizda samarali ekilib kelinmoqda.
- Ayniqsa, “Durdona” navi ertapisharligi, (65-70 kun) qurg‘oqchilikka va issiqlikka, fuzarioz kasalliklariga chidamliligi, hosildorligi (don hosili 2.0-2.5 t/ga), mexanizatsiya yordamida yig‘ib olishga yaroqliligi bilan ajralib turadi, - deydi biologiya fanlari doktori, professor Sirojiddin Jo‘rayev. “Barqaror” navi zararkunandalarga bardoshliligi, hosildorligi (don hosili 2.4-2.5 t/ga), mexanizatsiya yordamida yig‘ib olishga yaroqliligi hamda eksport potensiali yuqoriligi, bahorgi va yozgi muddatda ekib hosil olishga yaroqli hisoblangani uchun dehqonlarimizga tavsiya qilgan bo‘lardim.
Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi” kafedrasida magistr hamda doktorantlar bilan birgalikda mosh genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, professor S.Jo‘rayev rahbarligida 1-bosqich magistri Murotbek Rasulov aynan mosh seleksiyasi borasida olib borilgan izlanishlarida ijobiy natijalarga erishilgan.
Yurtimizda mosh asosan kuzgi bug‘doydan bo‘shagan maydonlarga ikkinchi ekin sifatida ekilgani bois, yerdan yiliga ikki marta hosil olish imkonini beradi va dehqonlarga katta daromad keltiradi. Qisman bahor oylarida ham asosiy ekin sifatida har yili o‘rtacha 18–20 ming gektardan ortiq maydonda yetishtiriladi. So‘nggi yillarda ushbu ekinning eksport salohiyati oshgani sababli ekish ko‘lami yanada kengaymoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA