O‘zbekiston kosmos sari qanday qadam tashlamoqda?
Kosmos faqat fazogirlar, raketalar va uzoq sayyoralar haqidagi tushuncha emas.
Sun’iy yo‘ldoshlar orqali olinayotgan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, ekologiya, navigatsiya, aloqa va davlat boshqaruvida keng qo‘llanilmoqda. Shu bois kosmik texnologiyalar zamonaviy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylanyapti.
Har yili 4–10-oktabr kunlari Butunjahon kosmos haftaligi nishonlanadi. U 1999-yilda BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan. 4-oktabr — 1957-yilda birinchi sun’iy Yer yo‘ldoshi «Sputnik-1» orbitaga chiqarilgan kun. 10-oktabr esa kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish tamoyillarini belgilagan xalqaro shartnoma kuchga kirgan sana.
KOSMIK IQTISODIYOT TEZ O‘SMOQDA
Kosmos sohasi endi faqat davlat dasturlari doirasida rivojlanmayapti. Xususiy kompaniyalar va tijorat operatorlari ham bu bozorda tobora katta o‘rin egallamoqda.
“Space Foundation” ma’lumotlariga ko‘ra, global kosmik iqtisodiyot hajmi 2024-yilda 613 milliard dollarga yetgan. 2035-yilga borib bu ko‘rsatkich 2 trillion dollargacha o‘sishi mumkin.
Kosmosga chiqarilayotgan apparatlar soni ham jadal ortib bormoqda. 2024-yilda 2 ming 873 ta, 2025-yilda esa 4 ming 544 ta kosmik apparat orbitaga chiqarilgan. Bu o‘sishda kichik sun’iy yo‘ldoshlar va xususiy kompaniyalarning roli katta.

O‘ZBEKISTONDA KOSMIK SOHA YANGI BOSQICHDA
O‘zbekistonda kosmik sohani tizimli rivojlantirish 2019-yilda «O‘zbekkosmos» agentligi tashkil etilganidan keyin yangi bosqichga ko‘tarildi.
2025-yilda «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinishi esa sohaning huquqiy asoslarini mustahkamladi. Bu kosmik texnologiyalarni iqtisodiyot va davlat boshqaruviga keng joriy etish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Bugun O‘zbekistonda kosmik ma’lumotlardan yer munosabatlari, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, ekologiya, o‘rmon xo‘jaligi va geologiya sohalarida foydalanilmoqda. So‘nggi besh yilda Yerni masofadan zondlash ma’lumotlariga bo‘lgan talab uch barobar oshgan. Hozir 10 dan ortiq davlat idorasi va barcha hududiy hokimliklar kosmik monitoring tizimidan foydalanmoqda.
«SAMARQAND-2028» — ORBITADAGI YANGI TAJRIBA
2026-yil 5-avgustda «Samarqand-2028» giperspektral sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi.
U O‘zbekistonning milliy sun’iy yo‘ldoshi emas, balki Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan xalqaro loyiha. Biroq uning muhim jihati shundaki, sun’iy yo‘ldosh bortiga «O‘zbekkosmos» muhandislari ishlab chiqqan sun’iy intellekt moduli joylashtirilgan.
U orbitada ma’lumotlarning bir qismini Yerga yuborishdan oldin qayta ishlash imkonini beradi. Bu O‘zbekistonning kosmik ma’lumotlardan foydalanuvchi davlatdan kosmik texnologiyalar yaratish jarayonida ishtirok etuvchi davlatga aylanayotganini ko‘rsatuvchi muhim qadamdir.
«MIRZO ULUG‘BEK» — MILLIY SUN’IY YO‘LDOSHGA QADAM
O‘zbekistonning birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshi — «Mirzo Ulug‘bek» Yaponiyaning Kyusyu texnologiya instituti bilan hamkorlikda yaratilmoqda.
6U CubeSat platformasiga mansub apparat ilmiy tadqiqotlar, Yerni masofadan zondlash va milliy muhandislarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.
Loyihada Yaponiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yosh muhandislar ham ishtirok etmoqda. Sun’iy yo‘ldoshni 2028-yil yanvar oyida orbitaga chiqarish rejalashtirilgan.
2028 YIL — SAMARQAND KOSMIK MARKAZGA AYLANADI
2028-yilda Samarqand Xalqaro astronavtika kongressiga mezbonlik qiladi. Dunyoning yetakchi kosmik agentliklari, kompaniyalari, olimlari va muhandislari ishtirok etadigan ushbu yirik forum O‘zbekistonning kosmik salohiyatini xalqaro maydonda namoyon qilish uchun katta imkoniyatdir.
Kongress yangi texnologiyalar, investitsiyalar, ilmiy loyihalar va xalqaro aloqalar uchun ham yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
ENG MUHIM MASALA — KADR
Kosmik sohada texnologiyadan ham muhimroq resurs — malakali mutaxassis.
Shu bois O‘zbekistonda yoshlarni muhandislik va tabiiy fanlarga jalb qilishga qaratilgan “SpaceBuzz Uzbekistan”, “Mission Moon”, “Cosmic Camp”, “CanSat Uzbekistan” va «Yosh muhandis» kabi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Bu dasturlar orqali maktab o‘quvchilari va talabalar robototexnika, dasturlash, astronomiya, sun’iy intellekt va kosmik texnologiyalar bilan amaliy tanishmoqda.
Demak, O‘zbekistonning kosmik sohadagi asosiy vazifasi faqat orbitaga sun’iy yo‘ldosh chiqarish emas. Muhimi — o‘z texnologiyasi, o‘z muhandislari va o‘z ilmiy maktabini shakllantirish.
Nigora Rahmonova,
O‘zA