Internet va mobil aloqa sifati yaxshilanmoqda
Sirdaryo viloyatida aholini sifatli va barqaror internet bilan ta’minlash, mobil aloqa qamrovini kengaytirish hamda telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. 2025-yilda viloyat hududida 269 ta yangi tayanch stansiyasi o‘rnatilib, 66 tasi modernizatsiya qilingan bo‘lsa, 2026-yilning o‘tgan davrida yana 57 ta stansiya ishga tushirilib, 147 tasida yangilash ishlari olib borildi.
Bu haqda telekommunikatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan press-turda ma’lum qilindi. Unda OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar viloyatdagi raqamli infratuzilmaning bugungi holati, yangi loyihalar va aholiga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlari bilan yaqindan tanishdi.
Press-tur avvalida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Sirdaryo viloyati hududiy sho‘’basi boshlig‘i Abduqodir Boboyev hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi (O‘zkomnazorat) Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i Elbek Abdug‘aniyev sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Bugun internet va mobil aloqa xizmatlari insonning kundalik hayoti, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik va davlat xizmatlaridan foydalanishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois tarmoqlarni kengaytirish bilan birga, ularning texnik imkoniyatlarini oshirish, yuklamani kamaytirish va xizmat sifatini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda.
Mobil aloqa operatorlari tomonidan 2025-yil davomida viloyat hududida 269 ta yangi tayanch stansiyasi o‘rnatildi. Mavjud tarmoqlarning sig‘imi va qamrovini oshirish maqsadida 66 ta stansiya modernizatsiya qilindi. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 57 ta yangi stansiya o‘rnatilib, 147 tasida modernizatsiya ishlari bajarildi.
Bu ishlar, ayniqsa, aholi zich joylashgan hududlar, yangi turar joy massivlari va mobil aloqaga talab yuqori bo‘lgan manzillarda sezilarli ahamiyat kasb etadi.
Viloyatda optik tolali aloqa tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar bajarilmoqda. «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan 2025-yil davomida 2 ming 600 kilometr optik tolali aloqa liniyasi tortildi. 2026-yilning o‘tgan davrida esa yana 1 ming 435 kilometr liniya qurildi.
Ayni yo‘nalishdagi ishlar 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturlarida ham belgilangan. Unga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida jami 3 ming kilometr aloqa liniyasi qurilishi, shundan 2025-yilda 1 ming 300 kilometr, 2026-yilda 1 ming 700 kilometr tarmoq barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, viloyatning shahar va tumanlarida 118 ta tayanch stansiyasini o‘rnatish va modernizatsiya qilish belgilangan.
Optik tolali tarmoqlarning kengayishi yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini aholi xonadonlari, davlat tashkilotlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish imkoniyatini oshiradi.
Keng polosali internet tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. 2026-yilning o‘tgan davrida viloyatda 3 mingdan ortiq keng polosali ulanish porti o‘rnatilib, ularning umumiy soni 166 ming 237 taga yetkazildi.
Bu raqamlar ortida aholining internetdan foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotgani ko‘rinadi. Elektron davlat xizmatlaridan foydalanish, masofaviy ta’lim, onlayn muloqot, elektron tijorat va raqamli biznes xizmatlarining rivoji ham bevosita telekommunikatsiya tarmoqlarining barqaror ishlashiga bog‘liq.
Magistral avtomobil yo‘llarida mobil internet qamrovini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi M-34, M-39, A-373 va A-376, shuningdek, davlat ahamiyatidagi 4R-18, 4R-25, 4R-26, 4R-27, 4R-28, 4R-29, 4R-30, 4R-31, 4R-32 va 4R-44 avtomobil yo‘llarida mobil internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu avtomobil yo‘llarida mobil internet qamrovi «Bilayn»da 85 foiz, “Mobiuz”da 95 foiz, «Ucell»da 94 foiz va «O‘zmobayl»da 95 foizni tashkil etadi.
[gallery-31702]
Press-tur ishtirokchilari Guliston shahrining Bo‘ston va Istiqlol mahallalarida «Xavfsiz shahar» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
Bu yerda aholi xonadonlari, savdo va ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallaga kirish-chiqish yo‘laklari hamda savdo nuqtalarida o‘rnatilishi rejalashtirilgan videokuzatuv kameralarini internet tarmog‘iga ulash uchun sakkiz tolali optik liniya tortilayotgani ko‘rsatildi. Mazkur ishlarni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi Janubiy-g‘arbiy filiali 12-bog‘lama telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash guruhi mutaxassislari amalga oshirmoqda.
— Guliston shahrining Bo‘ston va Istiqlol mahallalarida aholi telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlangan. Yangi tortilayotgan sakkiz tolali liniya orqali 150 dan ortiq xonadon, bino va inshoot, aholiga servis xizmatlari ko‘rsatish shoxobchalari hamda qo‘riqlash ob’ektlarini internet tarmog‘iga ulash imkoni paydo bo‘ladi. Hozir ishlar davom etyapti. Asosiy maqsad — aholi va boshqa iste’molchilarga sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish, — deydi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi Janubiy-g‘arbiy filiali 12-bog‘lama telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish va ta’mirlash guruhi boshlig‘i Murod Fayzullayev.
Shundan so‘ng jurnalistlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashi binosi hududida joylashgan tayanch stansiyasi faoliyati bilan tanishishdi.
Mutaxassislar stansiyaning ishlash tartibi, signal tarqatish jarayoni va xavfsizlik talablari haqida ma’lumot berdi. Aloqa stansiyalari orqali tarqatiladigan radiochastota signallari belgilangan me’yorlar asosida nazorat qilinishi ta’kidlandi.
— Aloqa stansiyalari orqali tarqatiladigan signallar belgilangan me’yorlar asosida nazorat qilinadi. Aholi orasida bunday stansiyalar inson salomatligiga ta’sir qiladi, degan turli fikrlar uchraydi. Lekin stansiyalar belgilangan talablarga rioya qilingan holda ishlaydi. Biz ham sohada ishlaymiz va bu jarayonda xavfsizlik me’yorlariga amal qilinishiga e’tibor qaratamiz, — deydi «Ucell» uyali aloqa kompaniyasining Sirdaryo viloyati mintaqaviy bosh mutaxassisi Temur Umarov.
Press-tur davomida OAV xodimlari, jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar javob berdi. Xususan, internet tezligi, mobil aloqa qamrovi, yangi tayanch stansiyalari o‘rnatilishi, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va aholi murojaatlari asosida xizmat sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA