O‘zbekiston – Koreya: ta’limdagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Buxoro davlat universitetida Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Won Do Yeon ishtirokida muhim rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasida ta’lim, innovatsiya va xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuvda Buxoro viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov rahbarligida ta’lim sohasidagi istiqbolli loyihalar, qo‘shma dasturlar hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Suhbat jarayonida Buxoro viloyatida Janubiy Koreya bilan ta’lim sohasida olib borilayotgan hamkorlik izchil rivojlanayotgani alohida ta’kidlandi.

Xususan, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan qator loyihalar bugun o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. O‘qituvchilarning Janubiy Koreyada malaka oshirishi, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘rganishi hamda xalqaro tajriba almashinuv dasturlarida ishtirok etishi ta’lim sifati oshishiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi hamkorliklar pedagoglarning kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish bilan birga, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Uchrashuvda Toshkentdagi Koreya ta’lim markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan innovatsion tashabbuslar ham yuqori baholandi. Ayniqsa, koreys tilini o‘qitish borasidagi ishlar e’tiborga molik. Qisqa vaqt ichida koreys tili ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitilayotgan maktablar soni 2 tadan 25 tagacha oshgani sohadagi ulkan o‘sishdan dalolat beradi. Bu esa o‘quvchilarning xalqaro ta’lim imkoniyatlariga bo‘lgan qiziqishi va intilishini yanada kuchaytirmoqda.

Shu bilan birga, mazkur maktab bitiruvchilarining Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalariga grant asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinayotgani ham hamkorlikning eng muhim amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etildi. Bu kabi imkoniyatlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘lmoqda.
Muloqot davomida sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va innovatsion ta’lim platformalarini o‘quv jarayoniga keng joriy etish yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar kelgusida ushbu yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, talabalar va mutaxassislar o‘rtasida akademik almashinuvni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlamoqda, balki yoshlarni zamonaviy bilim va texnologiyalar bilan qurollantirish, ularning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari