O‘zbekiston ISO Food Security tashkiloti ustaviga qo‘shildi
Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti – Islamic Organisation for Food Security ustaviga rasman qo‘shilishga imzo chekdi.
Mazkur hujjatda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT)ga a’zo davlatlar o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish hamda qo‘shma hamkorlik platformasini shakllantirishni ko‘zda tutadi.

Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti vazifalari a’zo davlatlarning mavjud resurslarini birlashtirish, ilg‘or tajriba va texnologiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda sohaga investitsiyalar jalb qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Bu qadam O‘zbekistonning global oziq-ovqat tanqisligi, iqlim o‘zgarishi oqibatlari, cho‘llanish va yerlarning sho‘rlanishi kabi dolzarb muammolarga qarshi xalqaro sa’y-harakatlardagi ishtirokini yanada kengaytiradi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA