O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda DPO qanday rol o‘ynaydi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Jahon banki bilan hamkorlikda mamlakatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan Rivojlanish siyosati operatsiyasi (DPO) doirasidagi keyingi bosqich islohotlari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqanlar Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari va kelgusi bosqichda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishga xizmat qiladigan ustuvor yo‘nalishlar haqida so‘z yuritdi. Ta’kidlanganidek, Rivojlanish siyosati operatsiyasi xalqaro moliyaviy hamkorlik mexanizmi bo‘lib, u orqali mamlakatlarda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror o‘sishni rag‘batlantirish hamda institutsional islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashiladi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan bozor islohotlari, iqtisodiyotni ochiqlashtirish siyosati hamda institutsional o‘zgarishlar natijasida barqaror iqtisodiy o‘sishga erishilmoqda. Shuningdek, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, xususiy sektor ulushini oshirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli ish o‘rinlarini yaratish asosiy vazifalar sifatida belgilangan.
Muhokamalar jarayonida raqobat muhitini kuchaytirish, investitsiya muhitini yaxshilash, moliya tizimini rivojlantirish hamda tashqi savdo va logistika infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jahon banki ekspertlari tomonidan DPO dasturi doirasida asosiy yo‘nalishlar taqdim etildi. Unda transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, moliya bozorini kengaytirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash hamda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish orqali xususiy sektor rolini oshirishga qaratilgan choralar alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash va DPO doirasida belgilangan islohotlarni amalda samarali tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA