XXRning Farg‘ona viloyatiga investitsiyasi 1,5 mlrd.dollarga yetadi
Farg‘ona viloyati bugun 60 dan ziyod davlatlar bilan iqtisodiy aloqani yo‘lga qo‘ygan va ular bilan savdo-sotiq qiladi, qo‘shma korxonalar tuzgan, investitsion loyihalar amalga oshiradi. Masalan, 2026-yilda Farg‘ona viloyatiga XXR ning 1,5 mlrd.dollar investitsiya kiritishi rejalashtirilgan.
Shuning uchun ham Farg‘ona viloyati va Xitoyning provinsiyalari, kompaniya va korporatsiyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev boshchiligidagi delegatsiyaning XXRga navbatdagi ishchi safari ham ilgari erishgan munosabatlarni mustahkamlash, yangi loyihalarni muhokama qilishni maqsad qilgan edi.

Tashrif doirasida Shensi provinsiyasi Shangluo shahar xalq hukumati vitse-meri Ven Lin xonim bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda hududlararo savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro delegatsiyalar tashrifini faollashtirish hamda kelgusida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari Xitoyning qator yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 20 ga yaqin yetakchi kompaniyalari vakillari bilan kelgusida hamkorlik qilish yuzasidan muloqotlar o‘tkazildi. Xususan, “China Construction Sausum” kompaniyasining moliyaviy resurslaridan samarali foydalangan holda “Farg‘ona-Invest” kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA