O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda: Jahon banki e’tirof etayotgan eng istiqbolli uch soha...
Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar xalqaro moliyaviy institutlar va ekspertlar hamjamiyati tomonidan yuqori baholanmoqda.
Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi nufuzli tashkilotlar mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan o‘zgarishlarni ijobiy baholab kelyapti.
Ana shunday baholarning yana biri Jahon bankining yangi tahliliy hisobotida o‘z aksini topdi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish nuqtai nazaridan logistika, turizm va farmatsevtika sohalari eng katta salohiyatga ega yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Jahon banki ekspertlari fikricha, mazkur sohalarda maqsadli islohotlarni amalga oshirish orqali mamlakatda 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish mumkin. Bu esa O‘zbekistonning raqobatbardosh va xususiy sektor yetakchilik qiladigan iqtisodiyotga o‘tish jarayonini yanada tezlashtiradi.
Hisobotda keltirilishicha, 2017-yildan buyon amalga oshirilgan bozor islohotlari ishbilarmonlik muhitini sezilarli darajada yaxshiladi, tadbirkorlik faolligini oshirdi va aholi daromadlari o‘sishiga xizmat qildi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ulkan maqsadlarga erishish uchun raqobatni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash hamda infratuzilma va tartibga solish mexanizmlarini yanada takomillashtirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etilgan.
Logistika sohasi tahlilda eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Xususan, avtomobil yuk tashuvlari xizmatlari va zamonaviy ombor infratuzilmasini rivojlantirish katta iqtisodiy samara berishi mumkin. Yer ajratish va qurilish jarayonlarini soddalashtirish, xalqaro yuk tashish ruxsatnomalarini raqamlashtirish hisobiga 950 million dollardan 1,05 milliard dollargacha xususiy investitsiya jalb etish imkoniyati mavjud. Natijada 108 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratilishi mumkin.
– O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi muhim savdo va tranzit markazi sifatidagi o‘rni yanada mustahkamlanadi hamda mamlakat “O‘rta yo‘lak” xalqaro transport koridorining muhim bo‘g‘iniga aylanadi, – deyiladi axborotda.
Turizm sohasidagi imkoniyatlar ham e’tirof etildi. Jahon banki madaniy va ekologik turizm yo‘nalishlarida hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat borligini ta’kidlamoqda. Yer ijarasi mexanizmlarini takomillashtirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va turistik ob’ektlarni boshqarish samaradorligini oshirish orqali 3,1 milliard dollardan 4,2 milliard dollargacha xususiy investitsiyalarni jalb qilish mumkin. Bu esa 120 mingdan 180 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish, turistik oqimlarni kengaytirish va sohaning iqtisodiyotdagi ulushini sezilarli oshirish imkonini beradi.
Farmatsevtika tarmog‘i ham kelgusi yillarda yuqori o‘sish nuqtalaridan biri sifatida baholangan. Sohada mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar mamlakatning sanoat bazasini mustahkamlashiga ishonch bildirilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur uch sohada amalga oshiriladigan tizimli islohotlar nafaqat iqtisodiy o‘sishni jadallashtiradi, balki aholi bandligini ta’minlash, yangi bizneslar paydo bo‘lishi va O‘zbekistonning xalqaro iqtisodiy maydondagi raqobatbardoshligini oshirishda ham muhim omil bo‘ladi.
Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA