Soliqlarni ixtiyoriy to‘lash 89 foizga yetdi
Soliqlarning ixtiyoriy to‘lanishi mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi, davlat byudjeti daromadlarining o‘z vaqtida shakllanishi hamda soliq madaniyati darajasini baholovchi muhim ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Keyingi yillarda raqamli texnologiyalarning soliq ma’muriyatchiligiga keng joriy etilishi, elektron xizmatlar ko‘lamining kengayishi va tadbirkorlar uchun yaratilgan qulayliklar natijasida mazkur yo‘nalishda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari ham ushbu tendensiya izchil davom etayotganini ko‘rsatdi.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yilning yanvar–iyun oylari yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq majburiyatlarining ixtiyoriy bajarilishi 89 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich soliq ma’muriyatchiligini raqamlashtirish, elektron xizmatlarni keng joriy etish hamda soliq to‘lovchilarning mas’uliyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
Eng yuqori natija yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha Hududlararo soliq inspeksiyasi (HSI) hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu toifada soliqlarning ixtiyoriy to‘lanish darajasi 97 foizga yetdi.

Hududlar kesimida ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi. Toshkent shahrida 94 foizni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyatida esa 91 foizni tashkil etdi. Andijon va Samarqand viloyatida 90 foizni tashkil etmoqda.
Soliqlarning ixtiyoriy to‘lanish darajasi davlat moliyasi barqarorligini baholovchi muhim indikatorlardan biri hisoblanadi. Mazkur ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, davlatning majburiy undirish choralariga ehtiyoji shunchalik kamayadi, byudjetga tushumlar esa o‘z vaqtida shakllanadi.
89 foizlik natija mamlakatda raqamli soliq ma’muriyatchiligi samara berayotganini ko‘rsatadi. Elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn nazorat-kassa texnikalari, elektron hisobotlar, shaxsiy kabinetlar va avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimlari soliq to‘lovchilar uchun qulay muhit yaratmoqda. Bu esa soliqlarni o‘z vaqtida va ixtiyoriy to‘lash darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Yirik soliq to‘lovchilarda 97 foizlik ko‘rsatkich qayd etilgani ushbu korxonalarda korporativ boshqaruv, moliyaviy intizom va ichki nazorat tizimi yuqori darajada ekanini anglatadi. Bu toifadagi korxonalar davlat byudjeti daromadlarining katta qismini shakllantirishi hisobga olinsa, mazkur natija mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun alohida ahamiyatga ega.
Hududlar kesimida Toshkent shahrining yetakchilik qilishi iqtisodiy faollik, raqamli xizmatlardan foydalanish darajasi va yirik biznes sub’ektlari ulushining yuqoriligi bilan izohlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon va Samarqand viloyatlarida ham yuqori natijalar qayd etilgani soliq ma’muriyatchiligi hududlarda ham izchil takomillashib borayotganini ko‘rsatadi.
Soliq turlari bo‘yicha tahlil esa ayrim sohalarda intizom juda yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning 100 foiz ixtiyoriy to‘langani mazkur tarmoqda nazorat mexanizmlari va litsenziyalash tizimi samarali ishlayotganidan dalolat beradi. Foyda solig‘i va jismoniy shaxslar daromad solig‘ida ham yuqori ko‘rsatkichlar biznes va ish beruvchilarning soliq intizomi mustahkamlanayotganini anglatadi.
Shu bilan birga, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha 65 foizlik ko‘rsatkich boshqa soliq turlariga nisbatan ancha past. Bu mazkur yo‘nalishda hisobga olish, nazorat va to‘lov intizomini yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini hisobga olganda, ushbu soliq turida raqamli monitoring va hisob-kitob tizimlarini yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Umuman olganda, 2026-yilning birinchi yarim yilligi natijalari O‘zbekistonda soliq madaniyati yuksalib, raqamli texnologiyalar asosida soliqlarni ixtiyoriy to‘lash amaliyoti kengayib borayotganini tasdiqlaydi. Bu esa davlat byudjeti daromadlarining barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiyotning shaffofligini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA