Parlament faoliyati rivojida O‘zbekiston va Germaniya tajribasi muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Parlament faoliyatida shaffoflik, raqamlashtirish va fuqarolarning ishtiroki: O‘zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman parlament faoliyatini modernizatsiya qilish, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichlarini muhokama qilish hamda parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy dasturi rahbari Andre Algermissen kirish so‘zi bilan ochar ekan, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar faollashayotgani, siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik, “yashil” texnologiyalar, ta’lim, professional tayyorgarlik va parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanib borayotganini qayd etib o‘tdi.
Tadbirda har ikki mamlakat parlamentlari a’zolari parlament faoliyatini raqamlashtirish, qonun ijodkorligida fuqarolar ishtirokini kengaytirish va parlament diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi, tajribalarini ulashishdi.

Davra suhbatida raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalari va zamonaviy axborot platformalarini parlament faoliyatiga keng joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi. Bu boradagi ma’ruzalarda qonunchilik jarayonining samaradorligi, ochiqligi va tezkorligini ta’minlashda sun’iy intellekt imkoniyatlarining o‘rni va ahamiyati haqida so‘z bordi. Muhokamalarda amaliy takliflar bildirildi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashinuvini davom ettirish hamda parlament diplomatiyasini mustahkamlash bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA