O‘zbekiston - Gruziya munosabatining yangi sahifasi
Bugungi dunyo siyosati va iqtisodiyotida geografik masofa avvalgidek to‘siq emas. Aksincha, transport yo‘laklari, raqamli texnologiya, savdo zanjiri va insonlar o‘rtasidagi muloqot davlatlarni yangicha mazmunda yaqinlashtirmoqda. Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston va Janubiy Kavkazning strategik darvozasi hisoblangan Gruziya ham shunday tarixiy bosqichga qadam qo‘ymoqda.
Bir qarashda tog‘lar, dengizlar, tranzit hududlar va minglab kilometr masofa ajratib turgan bu ikki mamlakatni, chuqurroq nazar tashlansa, qadimiy savdo yo‘li, o‘zaro hurmat, mintaqalar aro bog‘liqlik, iqtisodiy manfaat va kelajakka mushtarak intilish birlashtirib turadi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi diplomatik munosabat 1994-yil 19-avgustda o‘rnatilgan. 1995-yil aloqalarning muhim huquqiy tayanchi – Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan. Shundan buyon o‘zaro munosabat turli bosqichdan o‘tdi: avvaliga siyosiy e’tirof va diplomatiya ustuvor bo‘lgan, keyinchalik savdo, transport, turizm, madaniyat va investitsiya muhim o‘rin egallay boshladi. Bugungi kunda esa ayni jarayon Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lovchi amaliy hamkorlik modeliga aylanmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz ochiqlik, iqtisodiy diplomatiya va mintaqalar aro bog‘liqlik tamoyiliga tayangan faol tashqi siyosat yuritmoqda. Shu ma’noda Gruziya biz uchun Yevropa, Qora dengiz havzasi va Kavkaz yo‘nalishidagi tabiiy hamkorlik maydonidir. Qolaversa, Yevropa bozoriga chiqish, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagidan samarali foydalanish, turizm va xizmat iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lidagi muhim sherik.
Ishonchga asoslangan siyosiy muloqotning amaliy hamkorlik natijalari
Davlatlar o‘rtasidagi har qanday iqtisodiy yoki madaniy loyiha avvalo siyosiy iroda va barqaror muloqotga tayanadi. So‘nggi yillarda Toshkent va Tbilisi o‘rtasidagi uchrashuvlar, tashqi ishlar vazirliklari darajasidagi maslahatlashuv, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari va parlamentlararo aloqalar mavjud ishonchning institutsional asosini mustahkamlamoqda.
Prezidentimizning Gruziyaga davlat tashrifi esa ikki tomonlama munosabat tarixidagi alohida sahifa sifatida baholanmoqda. Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Tbilisida oliy darajadagi muzokaradan tashqari parlamentlararo va hududlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar almashinuv, sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika, axborot texnolgiyalari va transport-logistika yo‘nalishlari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Tashrif yakunida turli sohalarni qamrab oluvchi ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanadi.
Ayni jihat o‘zaro munosabatning bugungi ruhini ifodalaydi: muloqot umumiy bayonotlar doirasida qolib ketmayapti, balki aniq yo‘nalishlar, loyihalar va iqtisodiy natijaga yo‘naltirilmoqda. Siyosiy yaqinlik savdo hajmi, transport yo‘laklari, odamlar va biznes aloqalarida aks etmoqda. Shu tariqa diplomatiya hayotiy iqtisodiyot bilan tutashmoqda.
Shu o‘rinda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar so‘nggi yillarda barqaror o‘sish sur’atini ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratish kerak. 1995-yil imzolangan Erkin savdo bitimi bu boradagi muhim huquqiy asoslardan biridir. Bugungi kunda ushbu hujjatdan yanada samarali foydalanish, o‘zaro savdoda mahsulot ro‘yxati, eksport va import tarkibini diversifikatsiya qilish iqtisodiy kun tartibining asosiy masalasiga aylangan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, 2017-2024-yillarda savdo aylanmasi 3,7 barobar oshib, 89,1 million dollardan 325,7 million dollarga yetgan. 2024-yilning o‘zida bu miqdor 46,5 foiz o‘sgan. O‘zbekistonning Gruziyaga eksportida sanoat mahsulotlari, mis sim, metall ijarasi, elektrotexnika mahsulotlari, oziq-ovqat, dukkakli ekinlar, meva, tamaki, kimyo mahsulotlari va transport xizmati muhim o‘rin egallagan. Gruziyadan O‘zbekistonga import tarkibida esa farmatsevtika mahsulotlari, oziq-ovqat, yong‘oq, mineral suv, tibbiy uskuna, savdo va IT xizmati yetakchi.
Tabiiyki, hozirgi raqamlar ikki mamlakat salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi. O‘tgan mavsum yakunida 268 million dollar atrofida bo‘lgan yillik savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish rejasi ilgari surilmoqda. Bu maqsad shunchaki raqam ortidan quvish emas, balki hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish, savdo tarkibi va qo‘shma ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, boshqa mamlakatlar bozoriga birgalikda chiqish niyatini anglatadi.
Transport-logistika tizimi rivoji: Qora dengiz sari yo‘l
Ma’lumki, O‘zbekiston dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega emas. Shu bois tashqi savdo strategiyasida transport yo‘laklari hayotiy ahamiyat kasb etadi. Gruziyaning geografik joylashuvidan foydalanib biz Janubiy Kavkaz orqali Qora dengiz portlari, Turkiya va Yevropa bozoriga chiqa olamiz. Bu muhim geoiqtisodiy omil.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari uchun beqiyos ahamiyat kasb eta boshlagan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi Xitoy va Markaziy Osiyodan Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya orqali Yevropaga yo‘l ochadi. O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish eksport geografiyasini kengaytirish, logistika xarajatini muvofiqlashtirish, yetkazib berish muddatini qisqartirish va savdo xavfsizligini ta’minlash vositasidir. Gruziya esa ushbu zanjirda Qora dengiz darvozasi, portlar, erkin sanoat hududlari va tranzit infratuzilmasi bilan tabiiy hamkor sifatida maydonga chiqadi.
Tbilisida o‘tkazilgan O‘zbekiston – Gruziya biznes-forumida transport va logistika hamkorlikning asosiy sharti sifatida belgilandi. Poti erkin sanoat zonasida savdo-logistika va ishlab chiqarish xabi tashkil etish loyihasi muhokama qilindi. Bunday markaz eksportimiz uchun Qora dengiz bo‘yidagi tayanch infratuzilma vazifasini o‘taydi, mahsulotni saqlash, qayta qadoqlash, sertifikatlash, tarqatish, shuningdek Yevropa bozoriga chiqishda muhim o‘rin tutadi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Gruziya sherikligi bugun nafaqat ikki davlat aloqalari, balki “Markaziy Osiyo + Janubiy Kavkaz” mintaqaviy hamkorligining istiqbolli shakli sifatida o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda. Agar siyosiy muloqot, iqtisodiy manfaat, transport bog‘liqligi va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik uyg‘un davom etsa, yaqin yillarda Toshkent va Tbilisi o‘rtasidagi masofa xaritada uzoq ko‘rinsa-da, iqtisodiyot, insoniy munosabatlar nuqtai nazaridan juda yaqinlashadi. Eng muhimi, bu rishta ikki xalq farovonligi, yangi ish o‘rinlari, keng bozor, kuchli mintaqaviy aloqa va barqaror kelajak uchun xizmat qiladi.
Adham Mamajonov,
TDSHU huzuridagi Sharq mamlakatlari
rivojlanishini tadqiq etish
ilmiy tahlil markazi direktori