O‘zbekiston – Germaniya: tog‘-kon sohasida hamkorlik kengaytiriladi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov hamda Germaniyaning "Mangold Consulting GmbH" kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik mazkur tarmoqning rivojida muhim ahamiyat kasb etishi, ayniqsa ilmiy-tadqiqot va akademik almashinuvlar sohasidagi hamkorlikka keng yo‘l ochayotgani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Frayberg konchilik akademiyasi hamda Geologiya fanlari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik samaralari ham tahlil etildi.
Qayd etilishicha, "Mangold Consulting GmbH" Germaniyada faoliyat yurituvchi konsalting kompaniyasi bo‘lib, u sanoat, investitsiya va xalqaro hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda infratuzilma va strategik sohalarda maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, u tog‘-kon va geologiya sohasidagi yirik loyihalarni rivojlantirish, xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida faollik ko‘rsatib kelmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda V Toshkent xalqaro investitsiya forumning ahamiyati, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida Geologiya fanlari universiteti va Frayberg konchilik akademiyasi o‘rtasidagi talabalar almashinuvi dasturlari va amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA