Guliston g‘allakorlari zafar quchishdi
Guliston tumani g‘allakorlari 2026-yil hosili uchun belgilangan davlat xaridi rejasini viloyatda birinchi bo‘lib ortig‘i bilan bajarib, navbatdagi mehnat zafariga erishdilar. Bu yutuq nafaqat tuman ahlining, balki butun viloyat qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarining yuksak kayfiyatiga sabab bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda faoliyat yuritayotgan 308 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 7 ming gektardan ortiq maydonda yetishtirilgan g‘alladan mo‘l hosil olindi. Natijada qabul punktlariga 20 ming tonnadan ziyod sifatli don topshirildi. O‘rtacha hosildorlik gektariga 40 sentnerni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar dehqonlarning samarali mehnati, ilg‘or agrotexnologiyalar va zamonaviy agrar yondashuvlarning samarali natijasidir.
Ayniqsa, “Bog‘ishamol agro servis”, “Jasur Sardor fayzi”, “Mashrab ota”, “G‘ayrat”, “Umid Yulduz barakasi”, “Vatan”, “Ozodbek Nurbek hamkor”, “Mega Maks hamkor” hamda “Furqat hamkor” fermer xo‘jaliklari yuqori natijalarga erishdi. Ushbu xo‘jaliklarda har gektardan 95–100 sentnergacha don hosili olinib, tumanning umumiy yutug‘iga munosib hissa qo‘shildi.

— Bugungi mehnat zafari tumanimiz g‘allakorlarining azmu shijoati, yerga mehri va yuksak mas’uliyati samarasidir. Bu yutuqda har bir fermer, mexanizator, agronom va soha mutaxassislarining munosib hissasi bor. Erishilgan natija bilan cheklanib qolmasdan, hosilni sifatli va qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish, takroriy ekinlarni o‘z vaqtida joylashtirish hamda kelgusi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishlarimizni izchil davom ettiramiz, — dedi tuman hokimi Olimjon Jo‘rayev.
G‘alla — xalqimiz dasturxoni to‘kinligi va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligining muhim kafolatidir. Shu ma’noda Guliston tumani dehqonlarining bugungi mehnat zafari nafaqat iqtisodiy yutuq, balki yurt ravnaqi va aholi farovonligiga qo‘shilgan munosib hissa sifatida qadrlanadi.

Mehnatkash fermer va dehqonlarning har bir tomchi teri ortida ulkan matonat, sabr-toqat va Vatan taqdiriga daxldorlik hissi mujassam. Ana shu fidokorona mehnat samarasi bo‘lgan mo‘l hosil el dasturxoniga baraka, yurtimiz iqtisodiyotiga esa mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri