O‘zbekiston-Germaniya: davlat ko‘chmas mulkini boshqarish bo‘yicha hamkorlik mustahkamlanmoqda
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Germaniya Federal ko‘chmas mulk instituti (BImA), Germaniya Federal Moliya vazirligi, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda “Indecon Consulting” vakillari ishtirokida davlat ko‘chmas mulkini boshqarish masalalariga bag‘ishlangan onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat ko‘chmas mulkini boshqarish sohasida Germaniya tajribasini o‘rganish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlari va amaliy yondashuvlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga e’tibor qaratildi.
Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov, Germaniya Federal Moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Klas Kristina, Germaniya Federal Moliya vazirligining davlat ulushlarini boshqarish masalalari bo‘yicha maslahat bo‘limi rahbari Romi Shtreker va boshqalar so‘zga chiqib, davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va amaliy tajriba almashish muhimligini ta’kidladi.
Agentlik direktori Sohibjon Murodovning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya davlat mulkini boshqarish sohasida uzoq yillik va tizimli tajribaga ega. BImA’ning institutsional tuzilmasi, mulkni baholash, sotish va ijaraga berishdagi shaffof mexanizmlari biz uchun qimmatli tajriba manbaidir.
Germaniya tajribasini o‘rganish O‘zbekistonda davlat aktivlarini boshqarish tizimini zamonaviy, raqamli va shaffof mexanizmlar asosida takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.
–Ikki mamlakat o‘rtasida davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi hamkorlik 2009-yilda boshlangan. O‘tgan davrda germaniyalik hamkorlarning ekspertlik va texnik ko‘magi asosida davlat mulkini boshqarish, korporativ boshqaruv va sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi va “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari, shuningdek, O‘zbekistonning ilk Korporativ boshqaruv kodeksi Germaniya tomonining texnik ko‘magida ishlab chiqildi. Ayni paytda kodeksning yangi tahriri ham germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda tayyorlanmoqda.
Shuningdek, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilib, hozirda Hukumat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Kadrlar salohiyatini oshirish doirasida seminar va treninglar, GIZ bilan hamkorlikda esa Germaniyaga amaliy tashriflar tashkil etilib, davlat aktivlarini boshqarish va xususiylashtirish bo‘yicha ilg‘or tajriba o‘rganildi, – dedi S.Murodov.
Tadbirda Germaniyada davlat ko‘chmas mulkini boshqarishning institutsional va amaliy mexanizmlarini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda seminarda BImA’ning davlat ko‘chmas mulkini markazlashgan holda boshqarishdagi o‘rni va faoliyati, shuningdek, ushbu sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, federal davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimi, ob’ektlardan samarali va oqilona foydalanish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish hamda boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy tajriba taqdim etildi. Shuningdek, davlat ko‘chmas mulki ob’ektlarini markazlashgan boshqaruvga o‘tkazish, aktivlarning raqamli reyestrlarini yuritish, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan davlat mulkini iqtisodiy muomalaga jalb etish masalalari muhokama qilindi.
[gallery-31114]
– Bugungi kunda O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish tizimini takomillashtirish va xususiylashtirish sohasida jadal islohotlarni amalga oshirmoqda. Davlat mulkini yanada samarali boshqarish, xususiy sektorning rolini kengaytirish hamda aktivlar bilan ishlashning yangi mexanizmlarini joriy etish borasida izchil qadamlar tashlanmoqda. Biz uchun Germaniya tajribasi bilan o‘rtoqlashish barobarida mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish ham muhim, – dedi Germaniya Federal Moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Klas Kristina.
Germaniya Federal Moliya vazirligining davlat ulushlarini boshqarish masalalari bo‘yicha maslahat bo‘limi rahbari Romi Shtreker ham O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikning izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, 2009-yildan buyon davom etib kelayotgan hamkorlik 2023-yilda imzolangan yangi memorandum bilan yanada mustahkamlangan.
Seminarda, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida davlat aktivlarini boshqarish sohasidagi ko‘p yillik hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi. Xususan, davlat ko‘chmas mulkini boshqarish bo‘yicha tajriba almashinuvini uch bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda Agentlik mutaxassislari uchun onlayn o‘quv seminarlarini tashkil etish, ikkinchi bosqichda nemis ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, uchinchi bosqichda esa Agentlik delegatsiyasining Germaniyaga amaliy tashrifini tashkil etib, BImA faoliyati va davlat ko‘chmas mulkini boshqarish mexanizmlarini bevosita o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Seminar yakunida ishtirokchilar davlat ko‘chmas mulkini boshqarish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, uni O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llash imkoniyatlari, shuningdek, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Qayd etilganidek, mazkur tadbir davlat aktivlari, xususan, davlat ko‘chmas mulkini boshqarish samaradorligini yanada oshirish, ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish hamda zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini milliy amaliyotga joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA