Eksportchilar uchun xorijiy sertifikat olish yanada osonlashdi
Endilikda respublika tadbirkorlari xorijiy sertifikatlarni olish uchun arizani onlayn tarzda topshirishlari mumkin.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan eksportchilar uchun yana bir qulaylik joriy etildi. Xususan, xalqaro ISO, OEKO-TEX, GlobalG.A.P., Yevropaning CE va boshqa shu kabi standart hamda sertifikatlarni olish zarurati tug‘ilganda arizani «Texnik tartibga solish» milliy axborot tizimi orqali yuborish imkoniyati yaratildi.
Buning uchun tris.uz tizimidagi «Sertifikatlash» bo‘limiga kirib, «Eksport sertifikatini olishga ariza berish» xizmatini tanlash lozim. Shundan so‘ng arizachi, eksport qilinayotgan mahsulot va olinishi zarur bo‘lgan sertifikat haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Ariza qabul qilingach, Agentlikning mas’ul xodimlari tadbirkor bilan bog‘lanib, xorijiy sertifikatni olish jarayoniga amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.
Yangi xizmat, ayniqsa, tashqi bozorlarga chiqishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki xalqaro standart va sertifikatlarning mavjudligi mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqishda muhim talablardan biri hisoblanadi.
Shu tariqa, sertifikatlash jarayonini raqamlashtirish orqali eksportchilar uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirishdagi tashkiliy masalalarni yengillashtirish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan yana bir qadam tashlandi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA