O‘zbekiston gender siyosatining 35 yillik evolyutsiyasi
Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish yurtimizda erkin va farovon jamiyat barpo etishning mustahkam poydevoridir. O‘zbekistonda gender siyosati ayollarga nafaqat oila chirog‘i, balki davlat va jamiyat boshqaruvining teng huquqli yetakchilari bo‘lish imkoniyatini taqdim etmoqda.
BMT va O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) 5-maqsadi bevosita «Gender tenglikni ta’minlash va barcha xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish» deb nomlangan.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda ayollar manfaatlarini ta’minlash, gender masalalariga e’tibor qaratish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Barqaror rivojlantirish markazi eksperti Shahzoda Rahimova bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Mustaqillikning 35 yilligi – alohida qarorlarni emas, balki jamiyatda yuz bergan chuqur o‘zgarishlarni baholash uchun yetarli tarixiy davr. Ushbu transformatsiyalar orasida xotin-qizlarga nisbatan davlat siyosati alohida o‘rin tutadi.
Mustaqillik yillarida nafaqat qonunchilik o‘zgardi. Davlat siyosatining falsafasi ham bosqichma-bosqich transformatsiyalandi: xotin-qizlarni ijtimoiy muhofaza qilish va onalikni qo‘llab-quvvatlash ustuvor bo‘lgan siyosatdan – ta’lim olish, kasbiy rivojlanish, iqtisodiy mustaqillik hamda qarorlar qabul qilishda ishtirok etish uchun sharoitlar yaratishga o‘tildi.
Aynan ushbu o‘tish zamonaviy O‘zbekiston gender evolyutsiyasining bosh mazmuni hisoblanadi. Bugungi kunda gender tengligi masalasini faqat ijtimoiy yoki demografik muammo sifatida ko‘rib chiqish mantiqsizdir. Ayollarning iqtisodiyot, fan, tadbirkorlik va davlat boshqaruvidagi ishtiroki inson kapitali sifati, mehnat unumdorligi, innovatsion rivojlanish va jamiyat barqarorligi bilan bevosita bog‘liq. Shu bois, gender tengligini ta’minlash Barqaror rivojlanish maqsadi sifatidagina emas, balki mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning umumiy kun tartibidagi ajralmas vazifa sifatida ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonning gender siyosati mustaqillik yillarida bir necha bosqichni bosib o‘tdi. 1990-yillar va 2000-yillarning boshlarida oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish, o‘tish davri sharoitida ijtimoiy barqarorlikni saqlash ob’ektiv ravishda asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoldi. Meyoriy-huquqiy baza shakllantirildi, xotin-qizlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
2000-2016-yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy hamda institutsional bazasi bosqichma-bosqich rivojlandi. Biroq ularning ta’lim, bandlik, iqtisodiy faollik va davlat boshqaruvi sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator tizimli muammolar saqlanib qoldi. Xususan, oliy ta’lim olish imkoniyatining cheklangani, ayrim kasblar bo‘yicha mehnat cheklovlari hamda rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar ulushining kamligi ularning insoniy va kasbiy salohiyatini to‘liq namoyon etishiga g‘ov bo‘layotgan edi.
2017-yilga kelib, mamlakatda aholining oliy ta’lim bilan qamrovi bor-yo‘g‘i 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 40 foizga ham yetmas edi. Shuningdek, ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari davlat siyosatining alohida hamda kompleks yo‘nalishi sifatida hali shakllanmagan edi. Ushbu omillarning barchasi qog‘ozda mustahkamlangan teng huquqlar hamda jamiyatdagi real imkoniyatlar o‘rtasida sezilarli tafovut saqlanib qolayotganini ko‘rsatardi.
Gender tenglik bo‘yicha davlat siyosati 2017-yildan so‘ng sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Aynan shu davrdan e’tiboran gender siyosati tizimli tus oldi: ijtimoiy muhofaza bilan bir qatorda teng imkoniyatlar yaratish, bandlik, ta’lim, tadbirkorlik, siyosiy faollik hamda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalash masalalari ustuvor yo‘nalishga aylandi.
Gender tengligini ta’minlashga oid yaxlit huquqiy tizimning shakllanishi ushbu davrning muhim yutuqlaridan biridir. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklarning teng huquq hamda imkoniyatlarga egaligi mustahkamlanib, davlatning jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida ushbu tenglikni ta’minlash majburiyati belgilandi.

«Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan tizimli islohotlar xalqaro reyting va baholashlarda ham o‘zining ijobiy natijalarini namoyon etmoqda. Xususan, Jahon bankining Women, Business and the Law 2026 reytingida O‘zbekiston 190 ta mamlakat orasida 48-o‘rinni egallab, gender tengligi yo‘nalishidagi islohotlar sur’ati bo‘yicha yetakchi beshlik qatoridan joy oldi. Mamlakatimiz harakatlanish erkinligi, nikoh, mehnatga haq to‘lash, bolalarni parvarish qilish hamda aktivlarga egalik qilish kabi muhim yo‘nalishlarning barchasida maksimal natijalarni qayd etdi.
Bu natijalar gender siyosatining yangi bosqichi endilikda yangi me’yorlarni yaratishdan ko‘ra, mavjud huquqiy kafolatlarni hayotga to‘laqonli tatbiq etish bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Zero, tenglik qonun hujjatlarida belgilanishi bilangina cheklanmasligi, balki mehnat bozorida, tadbirkorlikda, ta’lim tizimida va kundalik hayotda real imkoniyat sifatida namoyon bo‘lishi lozim.

Ijobiy dinamika barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro baholashlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Sustainable Development Report 2026 hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha umumiy reytingda 169 ta mamlakat orasida 73,0 ball bilan 65-o‘rinni egalladi. BRM 5 — «Gender tengligi» doirasida ayollarning parlamentdagi vakilligi, ayollar va erkaklarning ta’lim olish davomiyligi o‘rtasidagi nisbat, xotin-qizlarning ishchi kuchidagi ishtiroki hamda oilani rejalashtirish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kabi muhim mezonlar baholanadi.
Ayollarning iqtisodiy faolligi masalasi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ayollarning iqtisodiy faollik darajasi ko‘paymoqda. Bu, bir tomondan, xotin-qizlarning iqtisodiy jarayonlardagi ishtiroki tobora ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan, ularning bandligi, daromadlari va iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini anglatadi.
So‘nggi yillardagi eng sezilarli o‘zgarishlardan biri xotin-qizlarning oliy ta’limdan foydalanish imkoniyati kengaygani bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida talaba qizlar soni 904 mingdan oshib, umumiy talabalar sonining 54 foizini tashkil etmoqda. Ushbu natija nafaqat oliy ta’lim qamrovining umumiy kengayishi, balki davlat tomonidan ko‘rilayotgan manzilli qo‘llab-quvvatlash choralari bilan ham bog‘liq. Xususan, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan qizlar uchun ajratilayotgan ta’lim grantlari soni oshirilmoqda, muayyan mehnat stajiga ega, ammo ilgari diplom olmagan xotin-qizlarning oliy ma’lumot olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Xotin-qizlarning magistraturada o‘qish xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish haqidagi qaror alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bunday yondashuv ijtimoiy siyosat mantiqi tubdan o‘zgarganini ko‘rsatadi: davlat yordami bosqichma-bosqich shunchaki ijtimoiy muhofaza vositasi emas, balki ayolning kasbiy va intellektual salohiyatiga kiritilayotgan investitsiyaga aylanmoqda.
Ayollarning ta’lim olish imkoniyatlari kengayishi samarasi ilm-fan sohasida ham o‘z aksini topmoqda. 2026-yilda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, xotin-qizlar stajyor-tadqiqotchilar va doktorantlarning 61 foizini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi yetti yilda 5,2 mingdan ortiq ayollar PhD va DSc ilmiy darajalarini olishdi.
Bu xotin-qizlarning ilm-fandagi ishtiroki tobora kengayib, yangi mazmun kasb etayotganini ko‘rsatadi. Ayol endilikda nafaqat ta’lim oluvchi, balki mamlakatning ilmiy va texnologik salohiyatini shakllantirishda faol ishtirok etuvchi kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda. Endilikda ta’lim va fan tizimi oldida turgan muhim vazifa — erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash va xotin-qizlarning ilm-fandagi imkoniyatlarini kengaytirishdir. Buning uchun muhandislik, texnologiya va raqamli yo‘nalishlarda ayollar ishtirokini oshirish, ularning ilmiy jamoalarga rahbarlik qilishi hamda yirik tadqiqot loyihalarini boshqarishdagi rolini kuchaytirish zarur.
Davlat boshqaruvi va qarorlar qabul qilish tizimida ham xotin-qizlarning roli tubdan o‘zgarmoqda. 2024-yilgi parlament saylovlaridan so‘ng ayollar Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlarining 38 foizini egalladi, Senatda esa ularning ulushi 27 foizni tashkil etdi. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi qariyb 35 foizga, tadbirkorlik sohasida esa 45 foizga yetdi.

Ta’lim hamda siyosiy sohadagi ushbu o‘sishning mantiqiy davomi sifatida iqtisodiy mustaqillik namoyon bo‘lmoqda. 2026-yilda 1,5 million nafar xotin-qizlarning daromad olishini ta’minlash, shu jumladan 400 ming nafarini tadbirkorlikka jalb etish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu maqsadlarga 25 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi, «Hamroh» dasturi doirasida esa xotin-qizlarning 3 mingta biznes-loyihasiga qariyb 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Gender siyosatining natijalari mahalla darajasida eng aniq namoyon bo‘ladi. Aynan shu yerda ayol kishi kundalik masalalar – ish qidirish, kasb-hunarga o‘rgatish, oila daromadi, ijtimoiy yoki huquqiy yordamga bo‘lgan ehtiyoj bilan to‘qnash keladi.
«Ayollar daftari» mexanizmlari, «Inson» markazlari va joylardagi mutaxassislarning faoliyati manzilli yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Bugungi kunda bandlik sifati, daromad darajasi, kasbiy o‘sish, xotin-qizlarning STEM va raqamli iqtisodiyotdagi ishtiroki birinchi o‘ringa chiqmoqda. Shuningdek, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va xotin-qizlarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini amalda samarali qo‘llash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Ushbu o‘zgarishlarning bosh natijasi shunchaki yangi qonunlar va statistika raqamlarida emas. Eng muhimi, jamiyatning ayolga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgarmoqda: bugun u teng huquqli hamkor va mamlakat taraqqiyotining faol kuchi sifatida e’tirof etilmoqda.
Mustaqillikning 35 yili davomida O‘zbekistonning gender siyosati sezilarli evolyutsiyani bosib o‘tdi: dastlabki ijtimoiy muhofazadan imkoniyatlarni kengaytirishga, imkoniyatlardan esa xotin-qizlarning iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy mustaqilligini ta’minlashga o‘tildi.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.