Jizzaxlik tamakifurushning sirli zaxirasi fosh etildi
Jizzax shahrida aksiz markasi bilan belgilanmagan tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbir natijasida qonunga xilof ravishda saqlanayotgan yirik miqdordagi mahsulotlar aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.B.ning (muqaddam sudlangan) faoliyatiga oydinlik kiritildi.
Xususan, u Jizzax shahridagi “Ravalliq” MFY hududida joylashgan xonadonida xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelgani aniqlandi.

Tekshiruv chog‘ida umumiy bahosi 46 million 700 ming so‘mlik, 6 turdagi 1970 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur holat noqonuniy tamaki mahsulotlarining muomalasiga qarshi kurashish, ayniqsa, ularni belgilangan tartibda aksiz markasi bilan ta’minlamasdan saqlash va o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi nazorat tadbirlarining ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Aniqlangan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda ish bo‘yicha zarur tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri