O‘zbekiston delegatsiyasi AEXAning 70-Bosh konferensiyasida ishtirok etmoqda
Kecha, ya’ni 14-sentabr kuni Vena xalqaro markazida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA)ning 70-Bosh konferensiyasi o‘z ishini boshladi. 18-sentabrga qadar davom etadigan yubiley konferensiyasida agentlikka a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etmoqda.
Bundan 70 yil avval, 1957-yilda aynan birinchi Bosh konferensiya o‘tkazilib, AEXAning tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi xalqaro faoliyatiga asos solingan edi. Joriy yubiley konferensiyasida agentlikning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisob qilinishi bilan birga, yadroviy energetika, xavfsizlik, kafolatlar va gumanitar dasturlarning kelgusi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinmoqda.
Konferensiyaning ilk kunida Argentinaning Venadagi xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili va elchisi Gustavo Rodolfo Zlauvinen Bosh konferensiya prezidenti etib saylandi. Konferensiya ishini AEXA Bosh direktori Rafael Grossi o‘zining dasturiy ma’ruzasi bilan ochib berdi.
Konferensiyada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibidan “O‘zatom” agentligi bosh direktori Azim Ahmedxo‘jayev, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov, Yadro fizikasi instituti direktori o‘rinbosari Faxrulla Knugurov, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “AES qurilishi direksiyasi” va boshqa tashkilotlar vakillari o‘rin olgan.

Yalpi majlisda O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, “O‘zatom” agentligi bosh direktori Azim Ahmedxo‘jayev ma’ruza qildi. Unda mamlakatimizning AEXA bilan hamkorligi doirasida yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, yadro tibbiyotini kengaytirish, tadqiqot reaktorlaridan xavfsiz foydalanish, shuningdek, o‘quv va laboratoriya bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
O‘zbekiston mintaqadagi birinchi atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Joriy yilning 4-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev shafeligida va AEXA Bosh direktori Rafael Grossi ishtirokida Jizzax viloyatida stansiya qurilishi uchun “birinchi beton” quyish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekistonning AEXA bilan hamkorligi doirasida yadro energetikasi bilan bir qatorda yadro tibbiyoti, tadqiqot reaktorlaridan xavfsiz foydalanish, mutaxassislar tayyorlash va laboratoriya bazasini rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasining AEXA rahbariyati va xorijiy hamkasblari bilan qator uchrashuvlari o‘tkaziladi. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi axborot xizmatiga ko‘ra, Bosh konferensiya doirasida qo‘mita raisi Abduvaqqos Rafiqovning xorijiy hamkasblari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Muloqotlarda radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash, atom energetikasini tartibga solish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, sohada xalqaro tajriba almashish va amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

“O‘zatom” agentligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, O‘zbekistonning AEXA bilan hamkorligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro baholash missiyalari asosida ham muntazam o‘rganib borilmoqda. Jumladan, 22-26-iyun kunlari mamlakatimizda AEXA kuzatuv missiyasi ish olib borib, soha rivoji, qonunchilikni yangilash hamda 2021-yilda berilgan tavsiyalarni amalga oshirish borasida erishilgan yutuqlarni qayd etdi.
Agentlik xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirish, qonunchilikni modernizatsiya qilish va yaqin hamkorlikni mustahkamlash orqali 2021-yilda berilgan tavsiyalarni amalga oshirishda sezilarli natijalarga erishgan.
Ayni paytda O‘zbekiston Prezidenti va AEXA Bosh direktori o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni rivojlantirish maqsadida “Yo‘l xaritasi”, “Mamlakat uchun hadli dastur” va “Kompleks ish rejasi” doirasida ishlar olib borilmoqda.
Umuman olganda, AEXAning 70-Bosh konferensiyasi atom energetikasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish, yadroviy va radiatsiya xavfsizligini ta’minlash, xalqaro kafolatlarni mustahkamlash hamda sohadagi ilg‘or tajriba va texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA