O‘zbekiston bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha global platformaga qo‘shildi
“O‘g‘lim Rahmatxo‘ja endi yetti yoshga to‘layotgan vaqti yurishida muammo paydo bo‘ldi: oyog‘i qaltirab, tez-tez yiqiladigan bo‘lib qoldi. Hammamiz xavotirga tushdik. Quvvatsizlikdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, doktorga olib bordik. Nevropatolog chuqurroq tekshirtirishni maslahat berdi. MRT mutaxassissi esa bosh miya saratoni – medulloblastoma tashxisini qo‘ydi. Bunday holatda dori-darmon uchun mablag‘ni ayamas ekansiz. Faqat zarur preparat topilsa bo‘ldi, degan xayol bilan yuramiz. Bu og‘ir xastalikni davolash uchun xorijdan dori-darmon olib kelinayotgani ko‘pchilikning joniga oro kiryapti: qidirib yurmaysiz, vaqtdan yutasiz, ma’naviy jihatdan ham yordam...”
Bu gaplar toshkentlik saraton bilan kurashayotgan bolakay – Rahmatxo‘janing onasiga tegishli.
Darhaqiqat, saraton tashxisi har qanday oila uchun og‘ir sinov. Bu kasallik bilan kurashish – mashaqqat, davolanish jarayonida dori-darmon topish esa qo‘shimcha tashvish, qiyinchilik keltirib chiqaradi. Ayniqsa ota-onaga dilbandi shu darddan aziyat chekayotganini ko‘rish azob. Bunday paytda oilaga har tomonlama ko‘mak zarur.

Shu bois mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturlari doirasida bolalarga onkologik, gematologik va immunologik yordam ko‘rsatishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilib, muassasada kadrlar salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda bemorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, zarur dori-darmon ta’minotini yaxshilash chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasida onkologik kasallik ortidan yuz beradigan erta o‘lim holatini 2,5 barobar qisqartirish vazifasi belgilangan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha global tashabbusida ishtirok etish doirasida 2030-yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga yetkazish maqsad qilingan.
2024-yil mayda “Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat asosida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi sifatida qayta nomlandi. Markaz huzurida Onkologik yoki gematologik kasallikka chalingan bolalarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi tashkil etildi.

– Biz uchun har bir bolaning hayoti qadrli, – deydi O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Ularning kelajagi uchun bor imkoniyatni ishga solyapmiz. Global platforma orqali dori-darmon yetkazilyapti, endi ota-onalar dori kechikishidan xavotir olmasa ham bo‘ladi. O‘zbekiston 2024-yil saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha global platformaga qo‘shilgan 60 mamlakat qatoridan o‘rin oldi. Har bir bola va uning oilasi uchun beqiyos ahamiyatga ega ushbu tashabbus yuqori sifatli, hayotni saqlab qoluvchi dori vositalari bepul ta’minlanishini kafolatlash orqali saratonga chalingan bolalarning yashab qolish imkoniyatini oshirishga qaratilgan. Tibiy vositalarning bola uchun xavfsizligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida Milliy farmakologiya qo‘mitasi tomonidan qat’iy sifat nazorati o‘rnatilgan.
Global platforma: Sifatli dori-darmon va yangi imkoniyatlar
Global platformaga qo‘shilish orqali O‘zbekiston bolalar saratonini davolash uchun zarur 40 turdagi muhim dori vositalaridan bepul foydalanish imkoniga ega bo‘ldi. Bu ota-onalar yelkasidagi og‘ir yukni yengillashtiradi, ularga bor e’tiborni farzandi sog‘ayishiga qaratish imkonini beradi.
– Zarur dori vositalarini mamlakat bo‘ylab samarali yetkazib berish va qo‘llash salohiyatini kuchaytirish maqsadida JSST Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan yaqin hamkorlik qilib, davolash bayonnomalarini xalqaro standartga mos ravishda takomillashtirib kelmoqda, – deydi JSSTning respublikamizdagi vakolatxonasi rahbari Ashina Xalakdin. – Ushbu tashabbus AQSHning Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi, JSST, BMT Bolalar jamg‘armasi – UNICEF kabi xalqaro hamkorlar bilan birga amalga oshirilyapti. Asosiy maqsad – bemor bolalar turmushi sifatini yaxshilash. Xorijiy hamkorlar bilan birga O‘zbekistonda bugun ham, kelajakda ham saraton kasalligiga duch kelishi ehtimoli mavjud har bir bola uchun ishlaydigan barqaror tizim shakllantirayotganimizdan faxrlanamiz.
Ayni jarayon JSST tomonidan global sog‘liqni saqlashdagi tengsizlikni kamaytirish, milliy salohiyatni mustahkamlash va insonlar hayotini saqlab qolishga qaratilgan muhim yo‘nalishlardan biridir.
Bu qayerda yashashidan qat’i nazar, har bir bola umid tuyg‘usini his qiladigan, sog‘lom hayot haqida orzu qila oladigan kelajakdir.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonning bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha global platformaga qo‘shilishi mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida muhim qadam bo‘ldi. Shu tariqa nafaqat bu og‘ir dardga chalingan bolalarni zarur dori vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlanmoqda, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash orqali davolash standarti ham takomillashtirilyapti. Mazkur tashabbus har bir bolaning hayoti qadrli ekani, har bir oila umid qilish huquqiga egaligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA muxbiri