Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ylab sayohat: Ma’rifat va meros uyg‘unligi
Toshkent islom instituti tomonidan o‘tkazilgan «Islom dini asl manbalarini talqin qilishdagi yondashuvlar: muammo va yechimlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning mantiqiy davomi sifatida tadbir qatnashchilari, mahalliy va xorijiy ulamolar, yetakchi islomshunos olimlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Konferensiya davomida islom dinining asl manbalarini to‘g‘ri talqin qilish, aqidaparastlikka qarshi ilmiy raddiyalar berish masalalari muhokama qilingan bo‘lsa, Islom sivilizatsiyasi markaziga uyushtirilgan sayohat ushbu nazariy bilimlarning amaliy ko‘zgusi bo‘ldi. Mehmonlar markaz binosining mahobati, undagi me’moriy yechimlar va eng muhimi, eksponatlarning boyligi bilan yaqindan tanishdi.

Xorijiy mehmonlar islom dunyosining eng noyob yodgorliklaridan biri bo‘lgan hazrat Usmon Qur’onini ko‘zdan kechirar ekan, O‘zbekiston asrlar davomida islomiy qadriyatlarni asrab-avaylovchi qo‘rg‘on bo‘lib kelganiga yana bir bor iqror bo‘ldi.

Markaz muzeyidan o‘rin olgan “Birinchi va Ikkinchi Renessans” bo‘limlari olimlarda katta taassurot qoldirdi. Imom Buxoriy, Termiziy, Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi zamonaviy texnologiyalar va installyatsiyalar orqali namoyish etildi.

Mehmonlar markaz nafaqat muzey, balki kelajakda islom olamining yirik ilmiy-ma’rifiy xabiga (markaziga) aylanishini alohida e’tirof etdi.
N.Usmonova,
O‘zA