O‘zbekiston bayrog‘i hilpiragan eng yuqori nuqtani bilasizmi?
O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i nafaqat yurtimizda yashovchi, balki boshqa mamlakatlarda yashovchi o‘zbeklar uchun ham qadrli.
Qirg‘izistonlik uchuvchi-kosmonavt Solijon Sharipov O‘zbekiston bayrog‘ini ilk bor 1998 yilda «Indevor» kosmik kemasi bortida fazoga olib chiqqan. Bu esa O‘zbekiston bayrog‘i hilpiragan eng baland nuqta bo‘lib qoldi.
***
Nepal hududidagi Everest (Jomolungma) cho‘qqisi sayyoramizning eng baland nuqtasi bo‘lib, uning balandligi dengiz sathidan boshlab hisoblaganda 8 ming 848 metrni tashkil etadi.
Mazkur cho‘qqini ilk bor 1953 yil 29 mayda ingliz alpinistlari Tensing Norgey va Edmund Xillari zabt etgan.
Mustaqil O‘zbekiston vakillaridan birinchi bo‘lib bu yuksak cho‘qqini 1998 yil 22 may kuni soat 16:45 da alpinistimiz Rustam Rajabov zabt etdi va u yerga O‘zbekiston bayrog‘ini qadagan.

***
O‘zbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 2021 yil 1 iyun kuni Everest cho‘qqisiga chiqqanda O‘zbekiston bayrog‘i va Prezident Shavkat Mirziyoyev suratini ko‘tardi.
Alpinist bayroq va Prezident suratini Nepal vaqti bilan 17:30 (Toshkent vaqti bilan 16:45)da 8 ming 848 metr balandlikka yetganda ko‘targan.
Keyinroq Shavkat Mirziyoyev Everestni zabt etgan alpinistni “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan mukofotlagan.

***
«Sirli O‘zbekiston» jamoasi vakillari Sharof Egamberdiyev va Shuhrat Odilov Osiyo qit’asidagi eng baland vulqon cho‘qqisi – Eron shimolida joylashgan Demavend cho‘qqisini zabt etib, dengiz sathidan 5 ming 610 metr balandlikda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan.

***
Diyor Haydarov O‘zbekiston davlat bayrog‘ini Markaziy Osiyodagi eng baland cho‘qqilardan biri bo‘lmish Abu Ali ibn Sino cho‘qqisida 7 ming 134 m balandlikda ko‘tardi. Ilhom Ikromov esa balandligi 6 ming 100 metr bo‘lgan “Razdelnaya“ cho‘qqisida hilpiratdi.

***
“Sirli O‘zbekiston” turistik jamiyati ta’sischisi, bioximik, biologiya fanlari doktori Sharof Egamberdiyev 2019 yil 18 iyulda Yevropadagi eng baland – Elbrus cho‘qqisiga O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatgan.

***
Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan Sanjar Afrikaning Kilimanjaro tog‘ cho‘qqisiga O‘zbekiston bayrog‘ini olib chiqqan.
Kilimanjaro — Sharqiy Afrikadagi vulqon tog‘i bo‘lib, Tanzaniya hududida joylashgan. Balandligi 5 ming 895 metrni tashkil etadi va Afrika materigidagi eng baland cho‘qqi sanaladi.

***
Qashqadaryo viloyatida joylashgan O‘zbekistondagi eng baland cho‘qqiga yurtimiz bayrog‘i o‘rnatilgan.
Hazrati Sulton cho‘qqisi 4 ming 643 metrni (ayrim manbalarda 4 ming 30 m) tashkil qiladi.

***
2021 yil 21 avgust kuni yurtimizning yosh tadqiqotchilari tomonidan aerostat bilan stratosferaga uchirilgan O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i Yerdan 46 ming metr balandlikka ko‘tarilgan.

Mamlakatimiz bayrog‘i bilan bog‘liq mazkur qiziqarli ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.
N.Abduraimova, O‘zA