O‘zbekiston–AQSH: suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik
Samarqand shahrida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida turli sohalarda ikki davlat hamkorligiga oid muhim uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Nuriddin Qo‘shnazarov “Valmont Industries” kompaniyasining MDH mamlakatlari va Turkiya bo‘yicha tijorat direktori Sergey Stefanov hamda kompaniya vakili Saidibrohim Eshxo‘jayev bilan uchrashdi.
Muloqotda sug‘orish jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston hududlarida mexanizatsiyalashgan sug‘orish tizimlarini kengaytirish, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Mazkur muloqot qishloq xo‘jaligida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sug‘orish tizimlari samaradorligini oshirish hamda O‘zbekiston va AQSH ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi muhim yo‘nalishlardan biridir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA