Bokudagi sammitda O‘zbekiston tashabbuslari
Parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimizning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan yettinchi sammitidagi ishtiroki hamda ilgari surgan tashabbuslari ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi murakkab geosiyosiy vaziyatda mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada O‘zbekiston rahbarining ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka qaratilgan takliflari Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasini ishlab chiqish, transport-energetika loyihalarini kengaytirish, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha tashabbuslar bugungi kunda muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, deputatlar inson salohiyatini rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflarni alohida e’tirof etdi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qonun loyihalari ham muhokama qilinib, fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA