O‘zbekiston 2027-yildan IEC’ning to‘la huquqli a’zosiga aylanadi
O‘zbekiston 2027-yil 1-yanvardan Xalqaro elektrotexnika komissiyasining (IEC) to‘la huquqli a’zosi sifatida faoliyat yuritadi.
Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov va IEC Bosh kotibi hamda bosh direktori Filipp Metsger o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
Muloqotda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, xalqaro standartlarni milliy iqtisodiyotga joriy etish, shuningdek, elektrotexnika, energetika, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalaridagi aloqalarni kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning IEC’ga to‘la huquqli a’zo bo‘lishi mamlakat xalqaro standartlashtirish tizimiga integratsiyalashuvini yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, milliy sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, sanoat raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Hozirda O‘zbekistonda milliy standartlarning xalqaro talablarga uyg‘unlashish darajasi o‘rtacha 47 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich energetika sohasida 77,9 foizga, axborot texnologiyalarida 78 foizga va elektrotexnika tarmog‘ida 56,5 foizga yetgan. Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida xalqaro standartlar va muvofiqlikni baholash tizimlarini joriy etish mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishdagi texnik to‘siqlarni kamaytirish imkonini beradi.
[gallery-30837]
Uchrashuvda raqamli texnologiyalar va energetika sohalaridagi ko‘rsatkichlar ham alohida qayd etildi. 2025-yilda mamlakatning raqamli xizmatlar eksporti 940 million dollarga yetdi. «Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasi doirasida esa 1 milliondan ortiq fuqaro IT sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Energetika tizimida 86,7 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 42 ta yangi ob’ekt ishga tushirildi. Shundan 5 milliard kilovatt-soati quyosh va shamol stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2030-yilga qadar qayta tiklanuvchi manbalar asosida 20 gigavattlik quvvatlarni ishga tushirish va «yashil» energiya ulushini 40 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, elektrotexnika sanoatida 31 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 85 ta yangi korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Soha eksporti 1,3 milliard dollarga yetdi va bu mamlakat tovar eksportining qariyb 10 foizini tashkil etmoqda.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning IEC doirasidagi ishtirokini faollashtirish, milliy ekspertlar jalb etilgan texnik qo‘mitalar sonini kengaytirish hamda «yashil» energetika, sun’iy intellekt va «aqlli» tizimlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.
Hamroz Bayonov,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA