“Özbekfilm” milliy kinokompaniyasi taşkil etiladi
Özbekistonda kinematografiya sohasini rivojlantiriş, kinoindustriyaga zamonaviy boşqaruv mexanizmlarini tatbiq etiş hamda milliy kino mahsulotlarini xalqaro miqyosda tarğib qilişga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
2026-yil 21-noyabrda “Kinematografiya sohasiga zamonaviy boşqaruv usullarini joriy qiliş va “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratişni qöllab-quvvatlaş çora-tadbirlari töğrisida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan sohada boşqaruv tizimini takomillaştiriş, takrorlanuvçi vakolatlarni maqbullaştiriş va milliy kinoindustriyani iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantiriş ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Hujjatga muvofiq, Madaniyat vazirligi muassisligida “Özbekfilm” milliy kinokompaniyasi taşkil etiladi. Şuningdek, “Qoraqalpoqfilm” davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya hamda Qoraqalpoğiston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Qoraqalpoqfilm” masʼuliyati çeklangan jamiyati faoliyati yölga qöyiladi.
Kino sohasidagi ilmiy-tahliliy va ijodiy faoliyatni rivojlantiriş maqsadida Fanlar akademiyasi Sanʼatşunoslik instituti hamda bir guruh kinoijodkorlar iştirokida Kinoşunoslar klubi taşkil etiladi.
Bundan taşqari, Özbekiston kino arboblari ijodiy uyuşmasi va Özbekiston kino sanoati vakillari uyuşmasi qöşib yuborilişi orqali Özbekiston kino sohasi vakillari palatasi tuziladi. Madaniyat vazirligi markaziy apparatida esa Kino sanʼati departamenti taşkil etiladi.
Yoş avlodning kino ijodkorligiga bölgan qiziqişini qöllab-quvvatlaş uçun Toşkent şahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi ham işga tuşiriladi.
Farmonda milliy qadriyatlar, boy tarixiy meros va mamlakatning zamonaviy yutuqlarini xalqaro auditoriyaga yetkazişga xizmat qiladigan filmlarni qöllab-quvvatlaş mexanizmi ham nazarda tutilgan. Bönday alohida ahamiyatga ega loyihalarga Milliy kinokompaniya taklifi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan “Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi.
2028-yil 1-yanvarga qadar Kinoçiptalarning yagona axborot tizimi va “Özbekfilm” milliy onlayn kinoplatformasi işlab çiqilib, amaliyotga joriy etiladi.
2028-yil 1-yanvardan boşlab davlat mablağlari hisobidan yaratilgan barça filmlar hamda davlat arxivlarida saqlanayotgan kino merosi obʼektlari kinoplatformaga joylaştiriş uçun raqamli formatda bepul va majburiy ravişda taqdim etiladi. Xususiy kinostudiyalar hamda mualliflarning filmlari esa platformaga şartnoma asosida joylaştiriladi.
Mamlakatdagi barça kinoteatrlar va kino namoyişi bilan şuğullanuvçi boşqa taşkilotlar Kinoçiptalarning yagona axborot tizimiga majburiy tartibda integratsiya qilinadi. Natijada har bir seans, sotilgan çiptalar soni va tuşumlar haqidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida avtomatik ravişda uzatib boriladi.
Hamroz Bayonov,
ÖzA